Italiya A Seriyasining 2026/2027 yilgi mavsumida ilk bor golsiz durang qayd etildi. Bu holat chempionatning 54-uchrashuvida yuz berdi.
11 oktyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan «Komo» va «Roma» jamoalari o‘rtasidagi bahs 0:0 hisobida yakunlandi.
Mazkur natija rimliklar uchun nisbatan qoniqarli bo‘ldi. Chunki «Roma» hujumchisi Doniell Malen 53-daqiqada qizil kartochka olib, maydondan chetlatildi va mehmonlar uchrashuvning qolgan qismini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazdi.
Qizig‘i, bu Italiya chempionatining joriy mavsumidagi ilk golsiz durang hisoblanadi. Bungacha o‘tkazilgan 53 ta uchrashuvning barchasida kamida bitta gol urilgan edi.
Reddit ijtimoiy tarmog‘ida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, A Seriyada so‘nggi bor mavsumning ilk golsiz durangi bunchalik kech 1949 yilda qayd etilgan.
O‘shanda Italiya chempionatining dastlabki 59 ta uchrashuvida hisob ochilmay qolgan birorta ham bahs bo‘lmagan. Ilk 0:0 hisobi faqat 60-o‘yinda kuzatilgan.
Shu tariqa, «Komo» va «Roma» o‘rtasidagi uchrashuv A Seriyaning so‘nggi 77 yillik tarixida o‘ziga xos statistik natija bilan yodda qoldi.
Ayni paytda «Roma» 14 ochko bilan Italiya chempionati turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. «Komo» esa 11 ochko jamg‘argan holda oltinchi pog‘onadan joy olgan.













