«Galatasaroy» yarim himoyachisi Ilkay Gyundogan «Barselona»ning 19 yoshli vingeri Lamin Yamal haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Seshanba kuni Turkiya jamoasi Chempionlar ligasi umumiy bosqichining ikkinchi turi doirasida o‘z maydonida «ko‘k-anorranglilar»ni qabul qiladi.
«Birinchi mashg‘ulotning o‘zidanoq Yamalda mislsiz iste’dod borligi ayon bo‘ldi. Ammo uning shunchalik yosh bo‘lishiga qaramay, jahon sahnasida namoyish etayotgan yetukligi va barqarorligi shunchaki hayratlantiradi. Bunday yengillik bilan o‘ynaydigan futbolchilarni kamdan-kam uchratish mumkin. Uning o‘yinini kuzatish katta zavq bag‘ishlaydi», — deya germaniyalik yarim himoyachining so‘zlarini keltiradi Actu Foot.
Ilkay Gyundogan 2023/24 yilgi mavsumda «Barselona» sharafini himoya qilgan. Shundan so‘ng u «Manchester Siti»ga qaytgan, yana bir yil o‘tib esa «Galatasaroy» safiga qo‘shilgan.













