Madridning "Real" klubi hujumchisi Endrik qishki transferlar oynasida Angliya Premyer-ligasiga ko‘chib o‘tishi mumkin. Bu haqda Football Insider nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 20 yoshli braziliyalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga "Aston Villa" qiziqish bildirmoqda. Unai Emeri boshqarayotgan jamoa yanvar oyida hujumchini ijaraga olishni rejalashtirgan.
Biroq birmingemliklar Endrik uchun raqobatga duch kelishi mumkin. Sababi, "Tottenxem" va "Manchester Yunayted" ham yosh futbolchining xizmatlariga qiziqish bildirmoqda.
Endrik joriy mavsumda "Real" safida bor-yo‘g‘i to‘rt daqiqa maydonda harakat qildi. Yozda Madrid klubi uni ijaraga berishni istamagan edi. Biroq hozir vaziyat o‘zgargan va "qaymoqranglilar" futbolchi bo‘yicha kelib tushadigan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, Endrikning "Real" bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.













