Londonning «Arsenal» klubi uch nafar yetakchi futbolchisi bilan shartnomalarni uzaytirish bo‘yicha faol muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, «kanonirlar» bir necha oydan buyon Deklan Rays, Martin Edegor va Yurriyen Timber bilan yangi kelishuvlar yuzasidan muzokara o‘tkazmoqda.
Hozircha tomonlar o‘rtasida yangi shartnomalar imzolanmagan. Biroq klub rahbariyati noyabr oyidagi terma jamoalar o‘yinlari munosabati bilan yuzaga keladigan tanaffus davomida ushbu masalani to‘liq hal qilishga umid qilmoqda.
Qayd etilishicha, har uchala futbolchi bilan ham kelishuvlarning asosiy shartlari muhokama qilingan va faqat yakuniy tafsilotlarni kelishib olish qolgan.
«Arsenal» rahbariyati muhim futbolchilarini uzoq muddat jamoada saqlab qolish orqali tarkib barqarorligini ta’minlashni maqsad qilgan.
Ma’lumot uchun, Angliya Premyer-ligasining dastlabki oltita turidan so‘ng «Arsenal» 15 ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Londonliklar peshqadam «Manchester Siti»dan uch ochko ortda qolmoqda.













