Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu «Inter Mayami» yulduzi Lionel Messi bilan ko‘p yillar davom etgan raqobati haqida fikr bildirdi.
Portugaliyalik futbolchi ular o‘rtasidagi raqobatni «Formula-1» tarixidagi afsonaviy poygachilar Ayrton Senna va Alen Prostning qarama-qarshiligiga qiyosladi.
«Messi bilan o‘rtamizda sog‘lom raqobat bo‘lgan. Bu xuddi Ayrton Senna va Alen Prost o‘rtasidagi raqobatga o‘xshardi. Maydon tashqarisida esa munosabatlarimiz doimo o‘zaro hurmatga asoslangan.
Biz bir-birimizni o‘z imkoniyatlarimiz chegarasidan chiqishga va yanada yuqori natijalarga erishishga doimo undab kelganmiz», — dedi Ronaldu CNN Portugal telekanaliga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, braziliyalik Ayrton Senna va fransiyalik Alen Prost 1988–1989 yillarda «Maklaren» jamoasida birga ishtirok etib, «Formula-1» bo‘yicha jahon chempionligi uchun keskin kurash olib borgan.
Prost faoliyati davomida to‘rt marta, Senna esa uch marta jahon chempioni bo‘lgan.
41 yoshli Krishtianu Ronaldu besh karra «Oltin to‘p» sohibi hisoblanadi. Shuningdek, u Portugaliya terma jamoasi bilan 2016 yilgi Yevropa chempionatida g‘olib chiqqan.
39 yoshli Lionel Messi esa sakkiz marta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan bo‘lib, bu borada mutlaq rekordchi hisoblanadi.
Argentinalik futbolchi milliy terma jamoasi safida 2022 yilgi jahon chempionati g‘olibi bo‘lgan. Bundan tashqari, u ikki marta Amerika kubogida zafar quchgan.













