«Sent-Luis Siti» klubi AQSHning MLS muntazam chempionati doirasida «Los-Anjeles Gelaksi»ni 6:2 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratib, tarixiy natijani takrorladi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng jamoaning barcha rasmiy musobaqalardagi mag‘lubiyatsiz seriyasi ketma-ket 20 ta uchrashuvga yetdi.
«Sent-Luis Siti» MLS chempionatidagi so‘nggi 18 ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagan. Shuningdek, jamoa AQSH Ochiq kubogi doirasidagi ikkita bahsda ham g‘alaba qozongan.
Mazkur natija MLS tarixidagi rekordning takrorlanishi bo‘ldi. Avvalroq «Nyu-York Red Bulls» klubi 2016 yilda barcha musobaqalar doirasida ketma-ket 20 ta uchrashuvni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan edi.
«Sent-Luis Siti» so‘nggi marta 4 may kuni mag‘lubiyat alamini totgan. O‘shanda jamoa safarda «Ostin»ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy bergan.
Shundan buyon «shaharliklar» rasmiy uchrashuvlarda mag‘lub bo‘lmay kelmoqda va o‘zining muvaffaqiyatli seriyasini davom ettirmoqda.













