«Liverpul»ning sobiq bosh murabbiyi Arne Slot UEFAda yangi lavozimda ish boshladi. Niderlandiyalik mutaxassis 2026/27 yilgi Chempionlar ligasi mavsumi uchun tashkil etilgan texnik kuzatuvchilar guruhi tarkibiga kiritildi.
Bu haqda Yevropa futbol assosiasiyalari ittifoqining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Slot 30 may kuni «Liverpul» bosh murabbiyligidan ozod etilganidan so‘ng to‘rt oydan ko‘proq vaqt o‘tib, yangi faoliyatini boshladi.
U 36 nafar mutaxassisdan iborat ekspertlar guruhida faoliyat yuritadi. Guruh a’zolari Yevropa klublar musobaqalaridagi uchrashuvlarni tahlil qilish, taktik o‘zgarishlar va murabbiylik uslublaridagi tendensiyalarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, ular statistik ma’lumotlar va videomateriallar asosida texnik hisobotlar tayyorlaydi.
Mazkur guruhdan Erik ten Xag, Ole-Gunnar Sulsher, Garet Sautgeyt, Tomas Frank va Rafael Benites kabi taniqli mutaxassislar ham o‘rin olgan.
Slotning UEFAdagi vazifalari bevosita murabbiylik faoliyati bilan bog‘liq emas. U futbolchilarni boshqarmaydi yoki jamoalarni uchrashuvlarga tayyorlashda ishtirok etmaydi.
Ma’lumot uchun, Arne Slot 2024 yilda «Liverpul» bosh murabbiyi etib tayinlangan va 2024/25 yilgi mavsumda jamoani Angliya Premyer-ligasi chempionligiga olib chiqqan.
Bunga qadar niderlandiyalik mutaxassis «Feyenoord» bilan mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan va 2022 yilda jamoani UEFA Konferensiyalar ligasi finaliga olib chiqqan edi.













