Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu argentinalik yulduz Lionel Messi bilan o‘zaro munosabatlari haqida ochiq gapirdi. Shuningdek, u taqdirlash marosimlarida birga ishtirok etgan paytlaridan bir qiziq tafsilotni esladi.
«Biz 15 yil davomida taqdirlash marosimlarida bir sahnada turdik va doimo bir-birimiz bilan ajoyib munosabatda bo‘lganmiz. Boshlovchilar va mehmonlar ingliz tilida gapirganida, men ularning so‘zlarini Messiga tarjima qilib berganimni juda yaxshi eslayman. Bu haqiqatan ham qiziqarli edi!
Leo doimo menga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lgan. Albatta, u o‘z klubining manfaatlarini himoya qilardi, men esa o‘z jamoam sharafini himoya qilardim. U o‘z terma jamoasi uchun kurashardi, men esa o‘z terma jamoam uchun. Ammo bu faqat sog‘lom sport raqobati edi.
Ishonchim komilki, shu yillar davomida biz doimo bir-birimizni yanada o‘sishga undab, ruhlantirib kelganmiz», — deya Ronalduning so‘zlarini The Touchline nashri X ijtimoiy tarmog‘ida keltirdi.













