«Yuventus» bosh murabbiyi Luchano Spalletti Italiya A Seriyasi doirasida «Kalyari»ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng raqib jamoa himoyachisi Yerri Minaning xatti-harakatlarini tanqid qildi.
1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan bahsdan keyin italiyalik mutaxassis kolumbiyalik futbolchining ayrim harakatlarini sportga xos emas deb baholadi.
«O‘tgan yilgi kabi, u bu safar ham o‘zining jismoniy ustunligidan foydalanib, xatti-harakatlari bilan bizni biroz chalg‘itishga urindi. Ba’zi vaziyatlarda bizni yaxshiroq himoya qilishlari kerak», — deya Spallettining so‘zlarini keltiradi TMW.
«Kalyari» himoyachisi Yerri Mina esa ushbu vaziyatga o‘z munosabatini bildirib, maydonda odatdagi uslubida harakat qilganini ta’kidladi.
«Men o‘z futbolimni o‘ynayman. Spallettiga esa: «Men sizni yaxshi ko‘raman, murabbiy», deb aytdim», — dedi kolumbiyalik futbolchi.
La Gazzetta dello Sport nashrining ta’kidlashicha, Mina raqiblarni ig‘vo qilish va ularni ruhiy muvozanatdan chiqarishga qaratilgan harakatlari bilan tanilgan.
Jumladan, himoyachi burchak to‘pini ishlab olganini raqib futbolchisi qarshisida namoyishkorona nishonlashi yoki arzimas jismoniy to‘qnashuvdan keyin maydonga yiqilib, hakam e’tiborini tortishga urinishi mumkin.
Nashrga ko‘ra, Mina raqiblarini ataylab asabiylashtirib, keyin esa o‘zini jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatish mahoratiga ega.
Eslatib o‘tamiz, Yerri Mina 2024 yildan buyon «Kalyari» sharafini himoya qilmoqda. U faoliyati davomida «Barselona», «Everton» va «Fiorentina» klublarida ham to‘p surgan.













