«Pari Sen-Jermen» bosh murabbiyi Luis Enrike jamoadagi faoliyati, yangi muhitga moslashishi va o‘zini haqiqiy parijlik deb hisoblashi haqidagi savollarga javob berdi.
«Umid qilamanki, umrimning oxirigacha Parij bilan bog‘liq bo‘lib qolaman! Shartnomamni uzaytirdim va endi “Pari Sen-Jermen” bilan ishlashni davom ettirishga tayyorligimni isbotlash hamda yana ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritish uchun zimmamda yanada katta bosim bor.
Odamlar menga juda mamnun ekanliklarini aytayotgani uchun xotirjamroq bo‘lib qolganim yo‘q. Parijliklar ko‘pincha menga: “Siz hayotimizni o‘zgartirdingiz”, deyishadi. Ammo hayotda bundan ham muhimroq narsalar bor. Murabbiy uchun mehnati odamlarga nimadir bera olganini anglash, ular va oilalari bilan shunday kuchli his-tuyg‘ularni baham ko‘rish hamon juda qadrli.
Haqiqiy parijlikka aylandimmi? Umid qilaman! Ammo fransuz tilimni hali ancha yaxshilashim kerak. Dastlabki yillarda bu tilda gapirishga harakat qilganimda juda qiynalganman. Ba’zan boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek bo‘lardim. Lekin rivojlanyapman va har kuni o‘zimni tobora erkinroq his qilyapman.
Menimcha, Parijning ushbu klubi va Fransiya futboli uchun muhim bo‘lgan qadriyatlarni yetkazish hamda klub madaniyatini qo‘llab-quvvatlash juda muhim. Men xorijlikman, ammo Parij bilan bog‘liq bo‘lishni istayman va umrimning oxirigacha shu shahar bilan aloqador bo‘lib qolishga umid qilaman», — deya Enrikening so‘zlarini Paris No Limit ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida keltirdi.
Ispaniyalik mutaxassis 2023 yil yozidan buyon Parij jamoasini boshqarib kelmoqda. Enrike rahbarligida «PSJ» ikki marta Chempionlar ligasida (2024/2025 va 2025/2026 yilgi mavsumlarda) g‘olib chiqdi, UYEFA Superkubogini qo‘lga kiritdi, Fransiya chempioni bo‘ldi va mamlakat Superkubogini uch martadan yutib oldi.
Shuningdek, parijliklar ikki marta Fransiya kubogini (2023/2024 va 2024/2025 yilgi mavsumlarda) qo‘lga kiritdi hamda 2025 yilda FIFA Qit’alararo kubogida g‘olib bo‘ldi.













