Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» klubi bosh murabbiyi Brendan Rodjers «Paxtakor»ga qarshi o‘yin borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Juda yaxshi o‘yin bo‘ldi. Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida penaltidan gol o‘tkazib yuborganimizdan xafamiz. Futbolchilar maydonda bor kuchlarini sarflashdi va yuqori energiya bilan harakat qilishdi. Ayniqsa, o‘tgan juma kuni kechqurun ham o‘ynaganimiz va safar bilan bog‘liq charchoqni hisobga olsak, ularning harakati tahsinga sazovor», — dedi Rodjers.
«Kuchli jamoaga qarshi o‘yinda durang ham maqbul natija hisoblanadi. Biz so‘nggi daqiqalargacha hisobda oldinda edik. Raqibda yo‘qotadigan narsa qolmagani uchun ular oldinga agressiv tarzda tashlanishdi, ko‘plab uzatmalarni amalga oshirishdi va kuchli bosim o‘tkazishdi.
Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda to‘pni yaxshiroq nazorat qilishimiz va o‘yin sur’atini boshqarishimiz mumkin edi. Shunga qaramay, ikki uchrashuvdan keyin hisobimizda to‘rt ochko bor. Futbolchilar bu tajribadan saboq olishadi», — deya Rodjersning so‘zlarini keltirdi OFK rasmiy sayti.













