Argentina terma jamoasi bilan jahon chempioni bo‘lgan Xulian Alvares Madridning "Atletiko" klubini tark etib, faoliyatini Londonning "Arsenal" jamoasida davom ettirishi mumkin.
Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, "Arsenal" o‘tgan yozda ham argentinalik hujumchini o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirgan. O‘shanda "Atletiko" futbolchini qo‘yib yuborishga tayyor bo‘lgan, biroq Alvaresning o‘zi "Barselona"ga o‘tishni istagan.
Madrid klubi rahbariyati esa La Ligadagi bevosita raqobatchisi bilan transfer bo‘yicha muzokara olib borishdan bosh tortgan.
Qayd etilishicha, Alvares hali ham "Atletiko"da uzoq muddat qolish istiqbolidan qoniqmayapti. Shu sababli u endi "Arsenal" bilan muzokara o‘tkazishga tayyor.
Londonliklar 26 yoshli hujumchining transferi uchun 100 million funt sterling (118 million yevro) to‘lashi mumkin.
Joriy mavsumda Alvares Ispaniya La Ligasida to‘rtta uchrashuvda ishtirok etdi. Biroq u hali biror marta asosiy tarkibda maydonga tushmadi va gol yoki golli uzatma qayd etmadi.
Argentinalik futbolchining "Atletiko" bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali Alvaresning bozor qiymatini 110 million yevroga baholamoqda.













