Milanning "Inter" klubi tayanch yarim himoyachisi Aleksandar Stankovich faoliyatini Angliya Premyer-ligasida davom ettirishi mumkin.
Bu haqda Ispaniyaning Diario AS nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Angliya Premyer-ligasining bir nechta klubi 21 yoshli serbiyalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirmoqda. Ular Stankovichning transferi uchun 40 million yevro miqdorida taklif tayyorlamoqda.
Hozircha futbolchiga qiziqish bildirayotgan klublarning nomlari oshkor qilinmagan.
Stankovichning o‘zi ayni paytda "Inter"ni tark etishni talab qilish niyatida emas. Biroq uning jamoada yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgani vaziyatni o‘zgartirishi mumkin.
Joriy mavsumda serbiyalik yarim himoyachi Italiya A Seriyasida atigi uchta uchrashuvda maydonga tushdi. Ushbu bahslarda u jami 44 daqiqa harakat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, "Inter" o‘tgan yozgi transferlar oynasida Stankovichni Belgiyaning "Bryugge" klubidan 23 million yevro evaziga sotib olgan edi.
21 yoshli futbolchining milanliklar bilan amaldagi shartnomasi 2031 yilga qadar mo‘ljallangan.













