Madridning "Real" klubi rahbariyati Ispaniya La Ligasining 12-tur uchrashuvlari uchun tasdiqlangan yakuniy taqvimdan qattiq norozi bo‘lmoqda.
Bu haqda Ispaniyaning Diario AS nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, "qirollik klubi" rahbariyati nima sababdan "Real" 7 noyabr, shanba kuni safarda "Valensiya"ga qarshi o‘ynashi kerakligini tushunmayapti. Chunki Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan Ispaniyaning qolgan to‘rtta klubi o‘z uchrashuvlarini bir kun keyin o‘tkazadi.
Gap shundaki, Joze Mourinyo shogirdlari 4 noyabr kuni UYEFA Chempionlar ligasi doirasida Gresiyaning AYEK klubiga qarshi safar bahsida maydonga tushadi.
Shu sababli madridliklarda "Valensiya"ga qarshi navbatdagi o‘yinga to‘liq tayyorgarlik ko‘rish uchun faqat bir kun — 6 noyabr, juma qoladi. Shuningdek, jamoa 5 noyabr, payshanba kuni kechqurun ham mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
"Real" rahbariyati bunday taqvim jamoaning tiklanishi va navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishi uchun yetarli vaqt qoldirmayotganidan norozi.
Ayni paytda "Real" Ispaniya chempionatining dastlabki sakkiz turida 18 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida 4-o‘rinni egallab turibdi.













