Madridning "Atletiko" klubi "Rasing Santander"ning 19 yoshli chap qanot himoyachisi Xorxe Salinasni sotib olish uchun asosiy da’vogarga aylandi.
Bu haqda Italiyaning Tutto Mercato Web nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, madridliklar Ispaniyaning 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoasi a’zosini kelasi yozgi transferlar oynasida o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini o‘rganmoqda.
Salinas "Rasing" tarkibidagi o‘yinlari bilan Yevropaning bir qator klublari e’tiborini tortgan. Xususan, uning xizmatlariga Italiyaning "Inter" va "Yuventus" jamoalari ham qiziqish bildirmoqda.
Qayd etilishicha, 19 yoshli himoyachining shartnomasida belgilangan tovon puli 16 million yevroni tashkil etadi. Biroq futbolchi klubi bilan yangi kelishuv imzolasa, mazkur summa oshishi mumkin.
2007 yilda tug‘ilgan Salinasning manfaatlarini taniqli agent Jorje Mendeshga tegishli Gestifute agentligi himoya qiladi.
"Atletiko" avval ham ispaniyalik himoyachini o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilgan. Biroq "Rasing Santander" futbolchi uchun belgilangan 16 million yevrolik narx borasidagi pozisiyasini o‘zgartirmagan.
Hozircha tomonlar o‘rtasida transfer bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilgani haqida ma’lumot yo‘q.













