«Manchester Siti» himoyachisi Ruben Diash Angliya klubi atrofida yuzaga kelgan vaziyat hamda jamoa sardori sifatidagi mas’uliyati haqida fikr bildirdi.
Portugaliyalik futbolchi moliyaviy qoidalar buzilishi bilan bog‘liq jarayonlar davom etayotgan bir paytda jamoa birdamligini saqlash va klub manfaatlarini himoya qilish muhimligini ta’kidladi.
«Har qanday mavsumda bo‘lgani kabi, sardor jamoa bilan birga bo‘lishi va zarur vaziyatlarda unga yordam berishi kerak. Hozir oldimizda avvalgilaridan biroz farq qiladigan sinov turgan bo‘lishi mumkin. Biroq o‘tmishda ham shunga o‘xshash holatlarga duch kelganmiz.
Men bu sinovga tayyorman. Qolgan uch nafar sardor va butun jamoa ham shunday kayfiyatda. Biz klubimizni himoya qilamiz, uning uchun kurashamiz va unga ishonamiz», — deya Diashning so‘zlarini keltiradi BBC.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mustaqil komissiya «Manchester Siti»ni Angliya Premyer-ligasining moliyaviy qoidalarini buzganlikda aybdor deb topgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq klubga nisbatan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar yuzasidan hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan.
«Manchester Siti» navbatdagi uchrashuvini 14 oktyabr kuni UEFA Chempionlar ligasi doirasida Fransiyaning «PSJ» jamoasiga qarshi o‘tkazadi.













