«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike o‘zining murabbiylik falsafasi haqida fikr bildirib, nima sababdan o‘zini boshqa mutaxassislar bilan taqqoslashga intilmasligini tushuntirdi.
Ispaniyalik murabbiyning ta’kidlashicha, har bir mutaxassisning o‘ziga xos faoliyat yo‘li bo‘lishi kerak. U boshqalarning muvaffaqiyatli uslubiga taqlid qilishdan ko‘ra, o‘z g‘oyalariga sodiq qolishni muhim deb hisoblaydi.
«O‘zimni boshqa murabbiylar bilan solishtirish hech qachon men uchun rag‘batlantiruvchi omil bo‘lmagan. Har kimning o‘z yo‘li bor va buni barcha tushunishi kerak.
Ko‘plab mutaxassislar boshqalarga muvaffaqiyat keltirgan uslubni takrorlashga harakat qilishadi. Men uchun esa eng muhimi — o‘z yo‘limdan borish.
Shu bilan birga, doimo o‘zingizga savol berib turishingiz kerak: jamoam aynan shunday o‘ynashini xohlaymanmi? Agar jamoam shu uslubda o‘ynab mag‘lub bo‘lsa, buni qabul qilishga tayyormanmi?
Menimcha, bu murabbiy uchun eng murakkab masalalardan biri. Biroq aynan mag‘lubiyatlar bizni qabul qilgan qarorlarimizni qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi», — deya Enrikening so‘zlarini keltiradi Marca nashri.
Ma’lumot uchun, Luis Enrike 2023 yildan buyon «PSJ» bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritmoqda. Ispaniyalik mutaxassis Parij klubidagi faoliyati davomida 13 ta sovrinni qo‘lga kiritgan.













