«Liverpul»ning sobiq himoyachisi Jeymi Karrager Buyuk Britaniya soliq va bojxona xizmati (HMRC) oldidagi qarzdorligini to‘liq qoplab, bankrot deb e’lon qilinishdan qutulib qoldi. Bu haqda Liverpool.com nashri xabar bermoqda.
13 oktyabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudya Nikolas Briggs 48 yoshli sobiq futbolchini bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizani rad etdi. Bunga soliq xizmati vakilining qarz to‘liq to‘langanini tasdiqlagani asos bo‘ldi.
Shu bilan birga, sud jarayonida qarzdorlikning aniq miqdori oshkor qilinmadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Karragerni bankrot deb e’lon qilish haqidagi ariza joriy yilning avgust oyida kiritilgan. Avvalroq sobiq futbolchining soliq qarzi taxminan 750 ming funt sterlingni (1 million AQSH dollariga yaqin) tashkil etishi mumkinligi xabar qilingan edi.
Karragerning vakili mazkur vaziyatga munosabat bildirib, muammo ancha avval hal qilinishi kerak bo‘lganini ta’kidlagan.
«Bu shaxsiy masala bo‘lib, uni ancha oldin hal qilish lozim edi. Bugun qarzdorlikni bartaraf etish uchun zarur choralar ko‘rilmoqda», — degan futbolchining vakili.
Ma’lumot uchun, Jeymi Karrager butun professional faoliyatini «Liverpul» klubida o‘tkazgan. U mersisaydliklar safida jami 737 ta uchrashuvda maydonga tushgan.
Ayni paytda Karrager Sky Sports va CBS telekanallarida futbol eksperti sifatida faoliyat yuritmoqda.













