UEFA Chempionlar ligasi umumiy bosqichining navbatdagi turi sensasion natija bilan boshlandi. Belgiyaning «Bryugge» klubi safarda Milanning «Inter» jamoasini 4:3 hisobida mag‘lub etib, uch ochkoga ega chiqdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu g‘alaba Belgiya futboli tarixidagi o‘ziga xos rekord bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Bunga qadar hech bir Belgiya klubi Yevropaning eng nufuzli klub musobaqasi doirasida Italiya jamoasi darvozasiga to‘rtta gol urishga muvaffaq bo‘lmagan edi.
Mazkur rekord nafaqat Chempionlar ligasi, balki musobaqa Yevropa chempionlar kubogi deb atalgan davrni ham qamrab oladi.
Shu tariqa, «Bryugge» Italiya klubiga qarshi ushbu musobaqada bir o‘yinda to‘rtta gol urgan ilk Belgiya jamoasiga aylandi.
«Bryugge» Chempionlar ligasining navbatdagi turida Fransiyaning «Lill» klubiga qarshi maydonga tushadi.













