Portugaliya futbol federasiyasi (FPF) rahbari Pedru Proensa hujumchi va jamoa sardori Krishtianu Ronaldu milliy terma jamoa uchun muhim futbolchi ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, Ronaldu jamoani yana g‘alabalar sari yetaklay oladi.
«Menimcha, sardorimiz ham, bosh murabbiyimiz ham, hatto Portugaliya futbol federasiyasi ham barcha gaplarni aytib bo‘ldi. Biz birdammiz. Bizning maqsadimiz — Millatlar ligasida g‘olib chiqish va biz barcha futbolchilarimizga umid bog‘lamoqdamiz. Shubhasiz, sardorimiz Krishtianu Ronaldu bu maqsadga erishishda muhim figuralardan biri hisoblanadi.
Albatta, Ronalduning qaytishi uchun muayyan shartlar mavjud. Bu haqda uning o‘zi e’lon qilgan maktubda ham aytilgan, terma jamoa bosh murabbiyi ham o‘z fikrini bildirgan. Portugaliya futbol federasiyasi ham o‘z pozisiyasini ma’lum qildi. Shuning uchun hozir xotirjamlik saqlash, barcha tomonlar bir stol atrofida o‘tirib, maqbul yechimlarni topish vaqti keldi», — deya Proensaning so‘zlarini keltirmoqda A Bola nashri.
Eslatib o‘tamiz, Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Jorje Jezush 27 sentyabr kuni Norvegiyaga qarshi Millatlar ligasi uchrashuvi davomida Ronalduni badan qizdirishga yuborgan, ammo uni maydonga tushirmagan edi.
30 sentyabr kuni 41 yoshli hujumchi Portugaliya terma jamoasi ixtiyorini o‘zboshimchalik bilan tark etgan. 6 oktyabr kuni esa futbolchi o‘z qarorini tushuntirib, Jezushni bergan va’dalariga amal qilmaganlikda ayblagan bayonot bilan chiqdi.













