"Bavariya" hujumchisi Xarri Keyn jamoadoshi Maykl Olisening yaqindagi chetlatilishdan keyingi munosabatini yuqori baholadi.
Fransiyalik futbolchi Chempionlar ligasining "Viking"ga qarshi o‘tgan uchrashuvida raqibning provakasiyaga uchib, qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan va qizil kartochka olgan edi. Bir kishi kam bo‘lib qolgan myunxenliklar Norvegiyadagi bahsda g‘alabali hisobni saqlab qola olmadi — 3:3.
Shanba kuni esa Olise "RB Leypsig"ga qarshi uchrashuvda bitta gol urib, bitta golli uzatmani amalga oshirdi va jamoasining 6:1 hisobidagi yirik g‘alabasiga hissa qo‘shdi.
"Maykl chetlatilishdan keyin ham mashg‘ulotlarda, ham bugungi o‘yinda ajoyib munosabat namoyish etdi. Albatta, seshanba kunigi voqeadan keyin u qattiq xafa bo‘lgandi.
U har bir uchrashuvda maydonga tushishni xohlaydi va "Arsenal"ga qarshi ham o‘ynashni istagandi. Ammo hayot shunday.
Biz bu mavsumda uning qanchalik yaxshi o‘ynayotgani haqida ko‘p gapirdik. Bugun esa u o‘zining yuqori saviyasini yana bir bor isbotladi", — dedi Keyn Sport1 nashriga bergan intervyusida.
"Bavariya" va "Arsenal" o‘rtasidagi uchrashuv chorshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Olise diskvalifikasiya sababli mazkur bahsni o‘tkazib yuboradi.













