«Betis» himoyachisi Ektor Belyerin Ispaniya La Ligasining 9-turi doirasida «Barselona»ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga o‘z fikrlarini bildirdi. Mazkur bahs kataloniyaliklarning 5:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvning 54-daqiqasida Fakundo Bernal qizil kartochka olib, maydondan chetlatildi va mezbonlar bir kishi kam bo‘lib qolishdi. Shuningdek, 43-daqiqada «Betis»ning goli to‘p qo‘lga tekkani sababli bekor qilindi.
«Menimcha, birinchi bo‘limda va ikkinchi bo‘lim boshida yaratilgan vaziyatlar bo‘yicha o‘yin teng kechdi. Biz «Barselona»dek kuchli jamoaga qarshi bahsda ma’lum darajada o‘yinni nazorat qila oldik.
Biroq bir nechta adolatsiz qarorlar qabul qilindi. Futbolchimiz turtilganidan keyin to‘p uning qo‘liga tegdi. Xavfli o‘yin bilan bog‘liq vaziyatlar ham bo‘ldi. Bunday holatlar uchun hakamlar turlicha jazo qo‘llashmoqda», — deya Belyerinning so‘zlarini keltiradi Marca nashri.
«Men Fakundo bilan gaplashdim. U jamoadan uzr so‘ramoqda. Bir kishi kam bo‘lib qolganimizdan keyin bunday yuqori saviyali futbolchilarga ega jamoaga qarshi o‘ynash juda qiyin bo‘ldi.
Shunga qaramay, biz so‘nggi daqiqalargacha qarshilik ko‘rsatdik. To‘liq tarkibda o‘ynaganimizda, eng kuchli jamoalar bilan ham raqobatlasha olishimizni isbotladik. Barcha qiyinchiliklarga va bizga qarshi bo‘lgan hamma narsaga qaramay, kurashdik», — dedi himoyachi.
Ushbu uchrashuvdan so‘ng «Betis» 19 ochko bilan Ispaniya chempionati musobaqa jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.













