Nukusning “Aral” futbol klubi muddatidan oldin Superliga-2027 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Jamoa so‘nggi bor 25 yil avval mamlakatning oliy divizionida ishtirok etgan edi.
Proliganing 23-turida “Aral” Qoraqalpog‘iston davlat universitetining “QMU Jayxun” jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvda nukusliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, Superligaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani naqd qildi.
Bahsning 17-daqiqasida Asadbek Mustafoqulov o‘z darvozasiga gol urib, “Aral”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Uchrashuv yakunlanishiga yetti daqiqa qolganida Mark Krasnov raqib darvozasini ishg‘ol etib, jamoasining g‘alabasini mustahkamladi.
“Aral” uchun joriy mavsum muvaffaqiyatli kechmoqda. Jamoa Proligada o‘tkazgan 23 ta uchrashuvning faqat bittasida mag‘lubiyatga uchradi. Barqaror natijalar evaziga nukusliklar mavsum yakunlanishiga bir necha tur qolganida Superligaga chiqish vazifasini uddaladi.













