Kataloniyaning «Barselona» klubi prezidenti Joan Laporta va «Pari Sen-Jermen» rahbari Nasser Al-Xelayfi Chempionlar ligasi umumiy bosqichi 3-turidagi o‘zaro uchrashuv oldidan an’anaviy rahbarlar tushligida ishtirok etishdi. Bu haqda Ispaniyaning Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, ikki klub rasmiy delegasiyalarining uchrashuvi kunduzi Parijdagi restoranlardan birida bo‘lib o‘tgan. Klublar o‘rtasida Yevropa Superligasi loyihasi va o‘tgan yillardagi futbolchilar transferlari bilan bog‘liq murakkab munosabatlar tarixiga qaramay, rahbarlar o‘rtasidagi muzokara va muloqot hurmat, iliqlik hamda xushmuomalalik ruhida o‘tgan.
Birgalikdagi tushlik davomida ikki grand klub rahbarlari Yevropa klub futboli, yangilangan Yevropa musobaqalari qanday kechayotgani, shuningdek, kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan «Oltin to‘p» mukofotini topshirish marosimini muhokama qilishgan.













