"Manchester Siti" hujumchisi Erling Xoland kelajakda faoliyatini Ispaniya chempionatida davom ettirishi mumkin.
Taniqli insayder Matteo Morettoning fikricha, norvegiyalik yulduzning keyingi klubi La Liga vakillaridan biri bo‘ladi.
"Menimcha, Xolandning faoliyatidagi navbatdagi qadam Ispaniya bilan bog‘liq bo‘ladi. Hozircha uning aynan qaysi jamoaga o‘tishi noma’lum, ammo u haqiqatan ham La Ligada o‘ynashni xohlaydi.
Menga yetib kelayotgan ma’lumotlarga qaraganda, u ertami-kechmi Ispaniya chempionatiga yo‘l oladi", — deya Morettoning so‘zlarini keltiradi Madrid Universal.
Ayni paytda Xolandning "Manchester Siti" bilan amaldagi shartnomasi 2034 yilgacha mo‘ljallangan. Shunga qaramay, turli manbalar futbolchining kelishuv muddati tugaguniga qadar Angliya klubini tark etishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Ispaniyada 26 yoshli hujumchini o‘z safiga qo‘shib olishga asosiy da’vogarlar sifatida Madridning "Real" va "Barselona" klublari tilga olinmoqda.
Transfermarkt portali Xolandning hozirgi transfer qiymatini 220 million yevroga baholamoqda.













