«Real» klubi jamoa hujumchisi Kilian Mbappening so‘zlari sabab yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berib, Xitoy xalqidan uzr so‘radi.
Avvalroq Mbappe o‘zini diktator sifatida tasvirlagan memlar haqida fikr bildirgan edi.
«Meni eng ko‘p kuldirgani — meni xitoylik diktator qiyofasida tasvirlagan mem bo‘ldi. Do‘stlarim bilan muloqotda undan tez-tez foydalanaman», — degan edi fransuz futbolchisi. U Mao Szedunni nazarda tutgan.
Ushbu gaplardan keyin Xitoyning uchta kompaniyasi Mbappe ishtirokidagi reklama loyihalaridan voz kechdi. Shuningdek, mamlakatda Ispaniya chempionati uchrashuvlari translyasiyasi vaqtincha to‘xtatildi.
Keyinchalik Mbappening o‘zi Xitoy xalqidan uzr so‘radi. Ispaniya La Ligasi va uning rahbari Xavyer Tebas ham omma oldida uzr bildirgan.
“Real Madrid” klubi futbolchimiz Kilian Mbappening yaqinda aytgan gaplari tufayli Xitoy xalqida yuzaga kelgan salbiy his-tuyg‘ular uchun uzr so‘raydi.
Klubimiz Xitoyga, uning tarixi, madaniyati va fuqarolariga, shuningdek, “Real”ga mehr va hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan millionlab xitoylik muxlislarga chuqur hurmat bilan qaraydi.
Klub Kilian Mbappening omma oldida bildirgan uzrini qo‘llab-quvvatlaydi. Futbolchi o‘z so‘zlaridan afsusda ekanini bildirib, Xitoy xalqiga bo‘lgan hurmatini tasdiqladi.
“Real Madrid” madaniyatlar o‘rtasidagi hurmat, hamjihatlik va o‘zaro tushunish qadriyatlariga sodiqligini tasdiqlaydi. Shuningdek, klub Xitoy va uning fuqarolari bilan bog‘lab turgan do‘stlik va mehr rishtalarini yanada mustahkamlash istagini bildiradi", — deyiladi klub bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 27 yoshli Mbappe joriy mavsumda «Real» safida 13 ta uchrashuvda maydonga tushib, 14 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













