Madridning «Real» klubi muxlisi va uning 18 yoshli o‘g‘li «Barselona»ga qarshi o‘tgan «El-klasiko» uchrashuvi vaqtida xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan «Kamp Nou» stadionidan majburan chiqarib yuborilgan. Bu haqda Ispaniyaning Marca nashri xabar bermoqda.
Jabrlangan muxlisning aytishicha, mamlakatning asosiy derbisiga safar o‘g‘lining voyaga yetgani munosabati bilan berilgan sovg‘a bo‘lgan. Ota ikki kishi uchun stadion tribunasiga chiptalarni 2800 yevroga sotib olgan.
Muammolar hali o‘yin boshlanmasidan oldin yuzaga kelgan. Stadion kirishidagi nazoratchilar mehmonlardan «Real» futbolkalarini darhol yechishni talab qilishgan. Muxlis klub atributikalarini qayerga qo‘yish mumkinligini so‘raganida, xavfsizlik xodimi qo‘pollik bilan yaqinda turgan chiqindi qutilarini ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, muxlis «Barselona»ning rasmiy ilovasida raqib jamoa libosida stadionga kirish taqiqlangani haqida hech qanday qoida bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Ota va o‘g‘ilning stadiondan chiqarilishiga mezbonlar darvozasiga urilgan golni nishonlashi sabab bo‘lgan. Erkakning aytishicha, ular mahalliy muxlislarga nisbatan hech qanday haqoratli ishora qilmagan. Kilian Mbappe gol urganidan keyin shunchaki o‘rinlaridan turib, bir-birlarini quchoqlashgan.
Shunga qaramay, stadion xavfsizlik xizmati ularning harakatlarini tartibni buzish deb baholab, ota va o‘g‘ilni hududdan chiqarib yuborgan.
Natijada madridlik muxlislar «El-klasiko»ning qolgan qismini taksida, telefon ekrani orqali tomosha qilishga majbur bo‘lishgan.
Eslatib o‘tamiz, 25 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Real» «Barselona»ni 2:1 hisobida mag‘lub etgan. Kilian Mbappe 41-daqiqada hisobni ochgan va 87-daqiqada g‘alaba golini urgan. Rafinya 61-daqiqada kataloniyaliklarning yagona goliga mualliflik qilgan.













