Yaponiya futbol assosiasiyasi vise-prezidenti Takeshi Okada lavozimini tark etdi. U FIFA rahbari Janni Infantinoning Jahon chempionati atrofidagi vaziyatlarga munosabatidan norozi ekanini aytdi. Uning iste’fosi Osiyo futbol konfederasiyasi (OFK) prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa FIFA rahbari Janni Infantinoning qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlaganidan bir hafta o‘tib e’lon qilindi.
Vaziyatning e’tiborli tomoni shundaki, bundan bir necha hafta oldin OFK UYEFA va KONKAKAF bilan birgalikda FIFA’ning Jahon chempionati kabi yirik musobaqalarga xususiy investorlarni jalb qilish rejasini tanqid qilgan edi. Infantino keyinchalik ushbu loyihadan voz kechdi.
Okada iste’foga chiqish qarorini shoshilmay, uzoq o‘ylab qabul qilganini aytdi:
“Faoliyatim davomida sport halol bo‘lishi kerak, degan tamoyilga amal qilib, uning jamiyatdagi o‘rnini qadrlab keldim. Biroq Jahon chempionati atrofidagi so‘nggi voqealarga bildirilgan munosabat mening qarashlarimga mutlaqo zid. Sportchi sifatida buni qabul qila olmayman”.
Shu bilan birga, Okada OFK bilan munosabatlar va qabul qilinadigan qarorlarning Yaponiya futboliga ta’sirini ham tushunishini ta’kidladi:
“OFK bilan aloqalarimiz va bu qarorlarning Yaponiya futboliga ta’sirini hisobga olsak, uning pozisiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun amaliy sabablar borligini tushunaman”.
Ma’lumot uchun, Infantino 2016 yildan beri FIFA prezidenti. U 2027 yil mart oyida yana prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishi kutilmoqda.













