Madridning “Real” klubi yarimhimoyachisi Arda Gyuler jamoa bosh murabbiyi Joze Mourinyo uchun eng muhim va “tegib bo‘lmas” futbolchilardan biriga aylanib ulgurgan. Bu haqda Ispaniyaning Marca nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 21 yoshli turkiyalik iqtidor egasi “qaymoqranglilar”ning “daxlsiz” (almashtirib bo‘lmaydigan) o‘yinchilari ro‘yxatidan mustahkam joy olgan. Endilikda uning nomi jamoa yetakchilari — Federiko Valverde, Jud Bellingem hamda Kilian Mbappe kabi yulduzlar qatorida tilga olinmoqda. Qayd etilishicha, portugaliyalik mutaxassis o‘yin taqdiri to‘liq hal bo‘lmaguniga qadar turkiyalik futbolchini maydondan olmaydi.
Gyulerning jamoada naqadar muhim rol o‘ynayotganiga yaqinda Kataloniyaning “Barselona” klubiga qarshi o‘tgan “El-Klasiko” (2:1) ham yaqqol misol bo‘la oladi. Ushbu uchrashuvda Arda joriy mavsumda ilk bor zaxiraga olinmasdan to‘liq 90 daqiqa harakat qildi va madridliklarning g‘alabasida muhim futbolchiga aylandi, deyiladi manbada.
Ma’lumot uchun, Gyuler 2023 yildan beri “Real” sharafini himoya qilib keladi. Yarimhimoyachi joriy mavsum klub tarkibida jami 10 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 2 ta gol va 3 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Uning klub bilan shartnomasi 2029 yilning iyun oyiga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali turkiyalik futbolchining bozor qiymatini 100 mln yevroga baholagan.













