«An-Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronalduning faoliyati davomida urgan gollari soni 982 taga yetgani xabar qilindi.
Avvalroq Saudiya Arabistoni chempionatida «Al-Faysaliy»ga qarshi o‘yindagi ikkinchi gol borasida bahs yuzaga kelgandi. Mahalliy liga golni Ronaldu hisobiga yozgan, FIFA esa uni avtogol sifatida qayd etgan edi.
Jurnalist Abdulaziz al-Murayselning ma’lum qilishicha, Saudiya Pro-ligasi qoidalariga rioya etilishini nazorat qiluvchi komissiya vaziyatni tekshirib, gol Ronalduga tegishli degan xulosaga kelgan.
«Krishtianu Ronaldu gol muallifi ekanini tasdiqlash uchun barcha rasmiy choralar ko‘rildi», — deb yozdi jurnalist.
Manbaga ko‘ra, ushbu qaror Ronalduning o‘ziga ham yetkazilgan. Shu tariqa, portugaliyalik futbolchining hisobida 982 ta gol borligi qayd etilmoqda. U 1000 gollik marraga yetishi uchun yana 18 ta gol urishi kerak.













