"An-Nasr" hujumchisi Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoni chempionatining "Al-Xolud"ga qarshi uchrashuvida (5:3) uchta gol urdi.
41 yoshli portugaliyalik futbolchi 66-daqiqada chap oyog‘i bilan hisobni o‘zgartirgan bo‘lsa, 72-daqiqada bosh bilan, 81-daqiqada esa o‘ng oyog‘i bilan raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Shu tariqa, Ronaldu faoliyati davomida 11-marta "ideal xet-trik" qayd etdi. Futbolda bir uchrashuvda chap oyoq, o‘ng oyoq va bosh bilan gol urish "ideal xet-trik" deb ataladi.
Qizig‘i, manbaga ko‘ra, Krishtianuning asosiy raqobatchisi Lionel Messi faoliyati davomida hali bunday xet-trikka erishmagan.
Ronaldu joriy mavsumda Saudiya Arabistoni chempionatida 7 ta gol bilan to‘purarlar poygasida uchinchi o‘rinda bormoqda.
Portugaliyalik yulduz 2023 yil boshidan buyon "An-Nasr" sharafini himoya qilmoqda.













