Bugun, 30 oktyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 26-tur uchrashuvlariga start beriladi. Turning dastlabki o‘yin kunida uchta bahs o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kunning e’tiborli uchrashuvlaridan biri Urganchda bo‘lib o‘tadi. Unda mahalliy «Xorazm» jamoasi chempionlik uchun kurashayotgan Toshkentning «Paxtakor» klubini qabul qiladi.
25-turda «Neftchi»ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan «Paxtakor» uchun ushbu bahs muhim ahamiyatga ega. Toshkentliklar chempionlik poygasidagi imkoniyatlarini saqlab qolish uchun safarda g‘alaba qozonishga intiladi.
Kunning yana bir uchrashuvi Qo‘qonda tashkil etiladi. Mahalliy «Qo‘qon-1912» o‘z maydonida Navoiyning «Qizilqum» klubi bilan kuch sinashadi. Mazkur bahsni bosh hakam Abdurashid Xudoyberganov boshqarib boradi.
Shuningdek, Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasi Zominda «Buxoro»ni qabul qiladi. Ushbu uchrashuvda bosh hakam vazifasini Akobirxo‘ja Shukurullayev bajaradi.
E’tiborlisi, bugungi barcha bahslar bir vaqtda — soat 18:30 da boshlanadi.
Superliga. 26-tur
30 oktyabr, juma
18:30. «Qo‘qon-1912» – «Qizilqum»
Bosh hakam: Abdurashid Xudoyberganov.
18:30. «So‘g‘diyona» – «Buxoro»
Bosh hakam: Akobirxo‘ja Shukurullayev.
18:30. «Xorazm» – «Paxtakor»
Bosh hakam: Rustam Choriyev.
Barcha vaqtlar Toshkent vaqti bilan ko‘rsatilgan.
26-turning navbatdagi uchta uchrashuvi 31 oktyabr kuni o‘tkaziladi. Unda «Surxon» – «Nasaf», «Mash’al» – «Dinamo» va «Navbahor» – «Andijon» jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi.
1 noyabr kuni esa «Lokomotiv» OKMKni qabul qiladi. «Neftchi» va «Bunyodkor» o‘rtasidagi uchrashuv 14 noyabrga belgilangan.













