Bugun, 31 oktyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 26-turi doirasida navbatdagi uchta uchrashuv o‘tkazildi. Ikki bahsda g‘olib aniqlangan bo‘lsa, yana bir o‘yin durang bilan yakunlandi.
Kunning markaziy uchrashuvi Namanganda bo‘lib o‘tdi. Mahalliy «Navbahor» vodiy derbisida «Andijon»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv taqdirini 58-daqiqada Husayn Norchayev tomonidan kiritilgan yagona gol hal qildi.
Ushbu g‘alabadan keyin namanganliklar 52 ochko bilan turnir jadvalidagi uchinchi o‘rnini mustahkamladi. «Andijon» esa 31 ochko bilan o‘ninchi pog‘onada qoldi.
G‘uzorda o‘tkazilgan bahsda Samarqandning «Dinamo» klubi «Mash’al» ustidan 3:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Mehmonlar safida Jahongirbek Abdusalomov, Anvar Hojimirzayev va Firdavs Abdurahmonov gol muallifi bo‘ldi.
Mazkur natija samarqandliklarga ochkolari sonini 34 taga yetkazib, to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarilish imkonini berdi. «Mash’al» esa 4 ochko bilan so‘nggi pog‘onada qolmoqda.
Kunning yana bir uchrashuvida «Surxon» va «Nasaf» jamoalari 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Termizliklar safida Tornike Dzebniauri hisobni ochgan bo‘lsa, qarshiliklardan Sardorbek Bahromov muvozanatni tikladi.
Uchrashuvning 84-daqiqasida «Nasaf» futbolchisi Murodbek Rahmatov maydondan chetlatildi. Shunga qaramay, qarshiliklar durang natijani saqlab qoldi.
Bir ochko jamg‘argan «Nasaf» 42 ochko bilan to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Surxon» esa 30 ochko bilan 12-pog‘onada bormoqda.
O‘zbekiston Superligasi. 26-tur
30 oktyabr, juma
«Qo‘qon-1912» – «Qizilqum» – 0:0
«So‘g‘diyona» – «Buxoro» – 1:1
«Xorazm» – «Paxtakor» – 0:1
31 oktyabr, shanba
«Surxon» – «Nasaf» – 1:1
«Mash’al» – «Dinamo» – 0:3
«Navbahor» – «Andijon» – 1:0
1 noyabr, yakshanba
16:00. «Lokomotiv» – OKMK
14 noyabr, shanba
«Neftchi» – «Bunyodkor»














