«Everton» «Manchester Siti» darvozasiga to‘rtta to‘p yo‘lladi, «Sevilya» «Real»ni mag‘lubiyatga uchratdi. O‘tgan dam olish kunlari ro‘y bergan shu va boshqa muhim voqealarga nazar tashlaymiz.
«Lester» yana omadsizlik girdobida
O‘tgan mavsum yorqin o‘yinlari bilan aksariyat muxlislar mehrini qozongan «Lester Siti» yana jarlik yoqasiga kelib qoldi. Ranyeri shogirdlari so‘nggi beshta o‘yin-da bir marta g‘alaba qozonishdi, xolos. «Chelsi» bilan o‘yin «yomon tush»ning davomi bo‘ldi: Konte boshchiligidagi jamoa «tulkilar» maydonida o‘ynashiga qaramay, raqibiga birorta xavfli vaziyat yaratish imkonini bermadi. Markos Alonso o‘z murabbiyining yangi sxemasida nechog‘li katta rol o‘ynayotganini yana bir karra isbotlab, «dubl» qayd etgan bo‘lsa, tobora o‘yini ochilib borayotgan Pedro amaldagi chempionning yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratilishiga zamin yaratdi.
«Barselona» o‘yinga qaytmoqda
«Barselona»ning omadsiz o‘yinlari va hakamlik borasidagi noroziliklaridan so‘ng ko‘pchilik kataloniyaliklarda pasayish kuzatilayotganini ta’kidlayotgandi. Ammo «Las-Palmas»ga qarshi kechgan uy uchrashuvida jamoa o‘z o‘yinini ko‘rsatib, ishonchli g‘alabaga erishdi. Luis Enrike mazkur muvaffaqiyatni faoliyatidagi eng yaxshilaridan biri ekanini aytdi. Messi yana mo‘’jiza ko‘rsatdi, Suares yana gol urdi. Hattoki, ketishi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan Aleysh Vidal ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Umuman, so‘nggi «uik-end» «Barselona» muxlislari uchun «plyus»ga yakunlandi. Boz ustiga, azaliy raqib bu turda yutqazdi.
G‘alabali seriya yakuni
«Sevilya» muxlislari menga nisbatan hushtakbozlik qilishdimi? Bundan ranjidim, albatta. Men «Real» va «Sevilya» vakiliman. Qabrim ustiga ushbu ikki klub bayrog‘ini qo‘yishsa ham roziman», - degandi Ramos 2015 yilning noyabrida.
Serxioning bu klublarni sevishiga ko‘pchilik shubha qilmaydi. Yakshanba kuni ham u qadrdon jamoasiga beixtiyor yordamlashib yubordi. «Real» sardorining kerakli pallada, ayniqsa, uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida muhim gollarni urib, xaloskorga aylanishiga ko‘nikib qoldik. Bu safar ham shunday bo‘ldi. To‘g‘ri, avvalgilaridan farqli o‘laroq, Ramos ushbu golini tezroq unutishni xohlaydi. «Real» «Ramon Sanches Pisxuan» stadionida navbatdagi - 41-mag‘lubiyatsiz o‘yiniga yaqin kelayotgandi, biroq Serxioning 85-daqiqadagi avtogoli niyatlarni chippakka chiqardi. Boz ustiga, maydon egalarining yangi o‘yinchisi Stevan Yovetich hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarning ikkinchisida Navas qo‘riqlayotgan darvozaning uzoq burchagini aniq nishonga olib, o‘yinga so‘nggi nuqtani qo‘ydi.
Debyut o‘yinidagi gol
«PSJ» birinchi davraning so‘nggi turlarini ochiqchasiga boy berdi: «Monpelye» va «Gengam»ga yutqazdi, «Nissa» bilan o‘yinda mag‘lubiyatdan arang qutulib qoldi. Parijliklar tezda kuchayishlari lozim edi, amalda shunday bo‘ldi: Yulian Draksler aynan Emeri xohlagan o‘yinchiga aylanishi, yetakchilikni qo‘liga olishi, barqarorlikka erisholmayotgan Di Mariyaning ishini bajarib, hujumga keskinlik bag‘ishlashi kutilayotgandi. Germaniyalik futbolchi uchun debyut yomon o‘tmadi. «Renn»ga qarshi kechgan safar o‘yinida gol urib, jamoasiga qiyin g‘alabani tuhfa etdi.
Markaziy bahsdagi sulh
«Manchester Yunayted»-«Liverpul» uchrashuvida har qaysi jamoa g‘alaba qozonishi mumkin edi. Ammo tomonlar murosa ko‘chasini tanlashdi. Albatta, bu adolatdan bo‘ldi. Har ikki klub jozibali o‘yin ko‘rsatishdi, maydon markazini tezda bosib o‘tib, turfa hujumlar uyushtirishdi. Pogba ishtirokidagi basketbol darsi, Milner tomonidan amalga oshirilgan penalti, Zlatanning navbatdagi goli APLning navbatdagi o‘yin haftasiga ajoyib tarzda yakun yasadi. Ayniqsa, bundan londonliklar ko‘proq quvonishdi.
Gvardiola APLda yana yutqazdi
«Manchester Siti» Angliya chempionatida navbatdagi muvaffaqiyatsizlikni qarshi oldi. «Shaharliklar» safarda «Everton»ga 0:4 hisobida imkoniyat boy berishdi. Ushbu bahsda mehmonlar tashabbusni qo‘lga olib, noodatiy kombinasiyalar orqali Robles qo‘riqlayotgan darvoza oldida xavfli vaziyat yaratishga urinishdi. Ammo maydon egalarining har gal qarshi hujumga o‘tishlari gol bilan yakunlandi. Shu kuni omadi chopmagan Klaudio Bravo birorta maqtashga arzigulik seyv ko‘rsatmay, darvozasiga kelgan barcha to‘plarni o‘tkazib yubordi. Ha, Gvardiola navbatdagi mavsum jamoasi bilan YECHLda qatnashishni xohlasa, juda ko‘p muammolarni hal qilishiga to‘g‘ri keladi.
Stop, «Yuve»!
Florensiyada kechgan markaziy o‘yin kutilmagan natija bilan yakunlandi: «Fiorentina» shov-shuvli tarzda «Yuventus»ni mag‘lubiyatga uchratdi - 2:1. Avvalgi uchta o‘yinda «binafshalar» atigi bir ochko to‘plashgan, shu bois yetakchiga qarshi bahsda ko‘pchilik ulardan g‘alaba kutmagandi. Biroq Kalinich-Badel juftligi mezbonlarning ikkita to‘p farqi bilan oldinga chiqib olishlarini ta’minladi. Keyingi to‘rt daqiqa ichida Iguain hisobni qisqartirdi. Lekin shu kuni turinliklarga mag‘lubiyatdan qutulib qolish nasib etmadi.