Tabiiyki, yangi mavsumda Xitoy super-ligasiga nisbatan e’tiborimiz yanada oshadi. Axir futbolimiz yetakchisi Odil Ahmedov ham Chin yurtida to‘p suradigan bo‘ldi.
Qolaversa, uning yangi klubi - «Shanxay SIPG» nafaqat milliy chempionat, balki OCHLda ham eng yuqori cho‘qqilarni ko‘zlamoqda. Shanxayliklar shu maqsadda bir qator ko‘zga ko‘rinarli transferlarni amalga oshirdilar. Xususan, «Zenit»ning sobiq yulduzi Halk yarim yildan buyon Xitoyda faoliyat yuritmoqda. Ko‘rinishidan, u qit’amizda sira zerikmayapti, chog‘i. Harqalay, braziliyalik futbolchi maydonda quvnayapti, o‘z oldiga do‘stlarini jamlayapti va oyoq mushaklarini bo‘rttirishni ham unutmayapti. Xullas, rossiyalik hamkasblarimiz uning «til»idan Shanxayda zerikmaslik uchun nimalar qilish zarurligi haqida ba’zi maslahatlarni yozishdi.
Maydonda barchani«burdalab» tashla...
Halk «Shanxay SIPG» tarkibiga o‘tgan yil iyunda qo‘shildi. Xitoyda «Zenit»dan borgan futbolchini muxlislar olomoni tantanali qarshi oldi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi. Axir Halk «milliarder» mamlakatga ko‘pmillionli transfer orqali qadam bosdi va darhol mahalliy liganing bosh yulduzlaridan biri maqomini oldi. Halk shunga yarasha, debyut o‘yinining 9-daqiqasidayoq Xitoy zaminidagi gollari hisobini ochdi. Biroq muxlislar uning ikkinchi o‘yinini naq 2 oy kutishdi. Chunonchi, braziliyalik bahaybat yigit jarohat sabab, shuncha vaqt davolandi va qaytishi bilan «dubl» qayd etdi. Umuman, Halk 8ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 5ta gol yozib qo‘ydi. E’tiborli tomoni, u gol urganida, «Shanxay SIPG» atigi bir marta yutqazdi.
Do‘stlaringni atrofingga jamla...
Peterburg-SHanxay yo‘nalishidagi ikkinchi transfer tezda amalga oshdi - Halk ortidan terapevt Eduardo dos Santos ham Xitoyga yetib bordi. Noyabr oyida esa «Zenit»ni boshqargan Andre Villash-Boash «Shanxay SIPG» bosh murabbiyi sifatida ish boshladi. Rojdestvo arafasida braziliyalik yoniga yana bir tanishi yetib bordi. Ya’ni Braziliya milliy jamoasidagi sherigi Oskar Londondan ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirib, Shanxayga yo‘l oldi. Endi esa Aksel Vitsel ham Xitoy puli oldida «Yuventus»ga bog‘liq orzularidan voz kechib qo‘ya qoldi. To‘g‘ri, u boshqa klubdan qo‘nim topdi, ammo baribir, Xitoyda. Halk shuningdek, buyog‘iga Odil Ahmedov bilan ham Rossiyadagi hayotini eslashi mumkin.
Maqsadlarni kelajakka qoldir...
Halkning jamoasi oxirgi mavsumda chempionat turnir jadvalida 3-o‘rinni band etdi. Ya’ni uchinchi probali medal bilan kifoyalandi. Shanxayliklar o‘z tarkibida Aleks Teysheyra va Jo kabi braziliyaliklarni jamlagan «Jiangsu Sunin»dan 5 ochkoga orqada qolishdi. Luiz Felipe Skolari boshqaruvida yana chempionlik taxtiga ko‘tarilgan «Guanjou Evergrand» va «Shanxay» ochkolari o‘rtasidagi farq esa naq 12tani tashkil etdi. Halk va «SIPG»ning Osiyo arenalaridagi ishlariga kelsak, ular OCHLning chorak finalida to‘xtashdi. Boz ustiga, ilk o‘yindagi 0:0 hisobidan keyin javob uchrashuvida bo‘lajak g‘olib - «Chonbuk Motors» (Janubiy Koreya»)dan chinakam «tarsaki» qabul qilib oldi - 0:5. Demakki, Villash-Boash, Oskar va Ahmedov «Shanxay»ga 2017 yilgi mavsumda har ikki turnirda g‘alaba qozonish uchun kerak. Tabiiyki, Halk uchun ham ularning Shanxayda ekanliklari ayni muddao.
Oyoq mushaklaringni bo‘rttir...
Bir qarashda, Halk uchun endi mashg‘ulotlarda ortiqcha ter to‘kish shart emasday. Yo‘q, bu xato tushuncha. Har holda, u shaxsiy fizioterapevti ko‘rsatmalariga binoan, hamon jiddiy shug‘ullanyapti. Deylik, bu mutaxassis futbolchining oyog‘i ostiga ulkan to‘pni tashlaydi-da undan imkon qadar uzoqroq va balandroq sakrashni talab qiladi.
Ta’til uchun Tailandga bor...
Pxuketda qishki ta’til. Halk yangi yil archasini aynan Tailandda bezadi. Qolaversa, oyog‘iga qum solingan qopni bog‘lagan holda, Tay sohillaridagi plyajlar aro yugurdi. Xitoy chempionatining yangi mavsumiga 4 mart kuni start beriladi. Bundan bir oy oldin esa shanxayliklar Osiyo Chempionlar Ligasining hal qiluvchi saralash bosqichi o‘yinida maydonga tushishadi. Qisqasi, Halk ungacha dam olish barobarida shug‘ullanishni ham unutmaydi.