Hindistonning Bangalor shahrida Tech Mahindra Global Chess League turniri davom etmoqda.
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov yetakchiligidagi “Fyers American Gambits” 7-turda “Triveni Continental Kings” jamoasi ustidan 8:5 hisobida g‘alaba qozondi.
Sindarovning jamoadoshlari raqiblari bilan durang o‘ynagani sababli, umumiy hisob 3:3 ko‘rinishiga keldi. Shundan so‘ng, O‘zbekistonning birinchi raqamli grossmeysteri oq donalarda dunyoning 11-raqamli shaxmatchisi, fransiyalik Alireza Firuzjani 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Bu g‘alaba “Fyers American Gambits” jamoasiga umumiy hisobdagi ustunlikni ta’minladi. Ushbu g‘alabadan so‘ng Sindarov layv FIDE rapid reytingida ikkinchi pog‘onaga ko‘tarildi.
Ushbu turnirdagi muvaffaqiyatli ishtirok sababli Javohir Sindarov jami 10,6 reyting ochkosiga ega bo‘ldi. 20 yoshli grossmeyster ayni vaqtda 2742,6 ochko evaziga bir yo‘la to‘rt pog‘onaga ko‘tarilib, reytingda faqat norvegiyalik Magnus Karlsendan (2806,5) ortda qolmoqda.

Javohir Sindarov jamoasi hamda Mangus Karlsen yetakchiligidagi “Alpine APL Pipers” bir xil 12 ochko to‘plagan. Biroq qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha “Fyers American Gambits” jamoasi turnirida 1-pog‘onada bormoqda. Shuningdek, “Ganges Grandmasters” jamoasi ham 12 ochkodan jamg‘argan.
Amaldagi chempion “Alpine APL Pipers” 7-turda “CheQ Mumba Masters” jamoasini 11:6 hisobida taslim qildi. Jamoa sardori Magnus Karlsen fransiyalik Maksim Vashe-Lagravni mag‘lub etdi. Bundan tashqari, hindistonlik Anish Giri hamda Volodar Murzinning muvaffaqiyatli o‘yini ham ushbu jamoaga 3 ochko taqdim etdi.
10 sentyabr kuni “Fyers American Gambits” 12 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turgan “Ganges Grandmasters” jamoasiga qarshi bahs olib boradi.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Global Chess League musobaqasining umumiy mukofot jamg‘armasi 1 mln dollarni tashkil etadi. Uning yarmi — 500 ming dollar — jamoaning yakuniy o‘rniga qarab taqsimlanadi: chempion 250 ming, kumush medal sohibi 125 ming, uchinchi o‘rindagi jamoa 75 ming, to‘rtinchi o‘rindagi jamoa 50 ming dollar oladi.
Yana 450 ming dollar barcha jamoalar o‘rtasida butun turnir davomida to‘plagan o‘yin ochkolari soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Qo‘shimcha 50 ming dollarni liga g‘olibi oladi. Shu tariqa mukofot puli miqdori nafaqat yakuniy o‘ringa, balki har bir alohida partiya natijasiga ham bog‘liq. Turnir 13 sentyabrgacha davom etadi.













