Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Baxtiyor Boboyev: "Yoshlarga ishonishda davom etamiz"

Baxtiyor Boboyev: "Yoshlarga ishonishda davom etamiz"

Baho:
+ | -

Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi 7-21 yanvar kunlari BAAning Sharja shahrida yig‘in tashkil etdi. Safardan qaytilgach klubning bosh direktori Baxtiyor Boboyevning ushbu yig‘in haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.

- BAA yig‘inining tashkiliy jarayonidan qoniqdingizmi?
- Bizning delegasiya Sharja shahridagi “Radisson blue” mehmonxonasida istiqomat qildi. Hammasi yuqori saviyada bo‘ldi: yashash va ovqatlanish uchun yaratilgan sharoitlar, mashg‘ulot maydonlari va nazorat uchrashuvlari bizga ma’qul keldi.

- Mashg‘ulotlar davomida avvaldan rejalashtirilgan ish hajmi to‘liq bajarildimi?
- Umumiy hisobda ha. Asosiy e’tibor oldimizda turgan uzun mavsumni yuqori saviyada o‘tkazishga yetadigan funksional baza yaratish va chiziqlar orasidagi bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan edi. Chunki joriy yildagi ilk rasmiy uchrashuvimiz – Chempionlar ligasi “pley-off” uchrashuviga hech qancha vaqt qolmadi.

- Nazorat-sinov uchrashuvlaridagi asosiy e’tibor nimalarga qaratildi?
- Sparring raqiblarimizning kuchi va mahoratiga qarab tarkibimizdagi barcha futbolchiga imkoniyat berishga harakat qildik. Masalan, Afrika millatlaro kubogi turniriga tayyorgarlik olib borgan Gana milliy terma jamoasi va Shotlandiya chempionatida 3-o‘rinni egallab turgan “Aberdin” klubiga qarshi o‘yinlar futbolchilarimiz uchun yaxshigina maktab bo‘lib xizmat qiladi. Qayd etish kerakki, bu ikki jamoa funksional va boshqa ko‘plab jihatlar bo‘yicha bizdan ustun edi. Shu boisdan ham yakuni natija biz uchun muhim emas edi. Shuningdek, Osiyo jamoalariga qarshi kechgan boshqa nazorat uchrashuvlarimizda ham natijaga e’tibor qaratmadik. Eng asosiysi, jamoamizning OCHL “pley-off” uchrashuviga munosib tayyorgarligi.

- Jamoaning qaysi chizig‘i Sizni xavotirga solmoqda?
- Bu – futbol! Unda har narsa bo‘lishi mumkin. Aytaylik, kimdur jarohat olsa yoki kasal bo‘lib qolsa tarkibda o‘zgarish qilish va shakllantirilayotgan o‘yin chizmasini almashtirish kerak bo‘ladi. Shularni inobatga olgan holda turli uslublarni qo‘llab ko‘rdik. Ba’zi futbolchilar turli chiziqlarda sinab ko‘rildi. Raxbariyat doimo jamoaning o‘yinini kuchaytirishni istaydi. Shunday ekan, har bir chiziq bo‘yicha ishlash kerak.

- “Bunyodkor”ning yangi vakillari, jumladan legionerlar haqida qanday fikrdasiz?
- Avvalo, jamoaning muhiti va o‘yin uslubiga moslashish uchun ma’lum vaqt talab etiladi. Dushan Michich yarim himoyachi sifatida ham, markaziy himoyachi ampluasida ham yomon harakat qilgani yo‘q. Vadim Chemirtan esa birinchi uchrashuvidayoq gol urdi. Oldingi chiziqda harakat qilgan Javohir Esonqulov ham yaxshi taassurot qoldirdi. Shuningdek, Shahzodbek Nurmatov va Eldor Shomurodov ham gollar urishdi. Shunday ekan, hujum chizig‘ida o‘ziga xos sog‘lom raqobat kutilmoqda.

Yosh darvozabon Dilshod Xamroyevning hatti-harakatlari ham yoqdi. U darvozada kerakli pozisiyani tanlashda, havodagi to‘plarga sakrashda, oyoqlari bilan to‘p tepishda va standart vaziyatlarida to‘pga chiqishda yaxshi o‘ynay olishini amalda ko‘rsatdi. Umuman olganda, futbol maktabimizda tarbiya topayotgan yoshlarga ishonishda davom etamiz. Yoshlar ham ishonchni oqlashga harakat qilishmoqda. Shunday ekan, klub yoshlar bilan ishlashda to‘g‘ri yo‘lni tanlagan.

- Keyingi rejalar qanday?
- Ushbu haftada o‘z qarorgohimizda shug‘ullanamiz. Navoiyning “Qizilqum” klubi bilan nazorat uchrashuvi o‘tkazamiz. Dushanba kuni esa jamoa yana BAAga yo‘l oladi. “Al-Jaish” klubi bilan bo‘ladigan bahsga qaratilgan tayyorgarlikning so‘ngi bosqichi Abu-Dabi shahrida olib boriladi. 5 fevral kuni Qatarga uchamiz va 7 fevralda Doha shahrida “pley-off” uchrashuvini o‘tkazamiz. Yaxshi tayyorgarlik olib borib, uchrashuvni yuqori saviyada o‘tkazishga va shu orqali muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz.

Manba: fcbunyodkor.com
Kiritildi: 11:00, 25.01.2017.
O'qildi: 5030 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.