Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ja’far Irismetov: "Norxonov jamoadan ketmagan"

Ja’far Irismetov: "Norxonov jamoadan ketmagan"

Baho:
+ | -

O‘tgan yili oliy ligadagi o‘rnini saqlab qolgan Toshkentning «Obod» klubi yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Aniqrog‘i, Rauf Inileev shogirdlari mashg‘ulotlarni o‘z bazalarida olib borishmoqda. Ta’kidlash lozim, tarkibda jiddiy o‘zgarishlar yo‘q. Jamoa yig‘in doirasida «Maxtaaral» (Qozog‘iston, 3:2), «Paxtakor» (0:2), «Buxoro» (0:2), «So‘g‘diyona» (4:2) klublariga qarshi nazorat o‘yinlari o‘tkazdi. Klubga bog‘liq eng muhim yangiliklardan biri shuki, o‘tgan yili «Obod»ning oliy ligada qolishiga katta hissa qo‘shgan jamoaning sobiq bosh murabbiyi Ja’far Irismetov bundan buyon seleksioner-murabbiy sifatida faoliyat yuritadi. «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi yakunlangach, biz Irismetovdan intervyu oldik.

- Ja’far aka, o‘tgan yili bosh murabbiy sifatida harakat qilib, jamoaning oliy ligada qolishiga hissa qo‘shgandingiz. Bu yil esa vaziyat o‘zgardi. Buni qanday qabul qildingiz?

- Futbolda yangilanishlar, kutilmagan holatlar uchrab turadi. Shu bois, klubda ro‘y bergan o‘zgarishlarni odatiy hol sifatida qabul qildim. Bu - futbol, unda doim ham siz o‘ylagan narsalar amalga oshavermas ekan. Qisqasi, vaziyatga jiddiy e’tibor qaratmadim.

- Sir bo‘lmasa, hozir «Obod»da qaysi lavozimda ishlayapsiz?

- Maslahatchi-murabbiy va seleksiya jarayoniga mas’ul mutaxassis sifatida faoliyat yurityapman va jamoamizga mos keladigan futbolchilarni kuzatyapman.

- Tajribali mutaxasis Rauf Inileevning «Obod» jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanishiga munosabatingiz qanday?

- Rauf Talgatovichga ortiqcha ta’rif berish shart bo‘lmasa kerak. Chunki, bu mutaxassisni yurtimizdagi har bir futbol muxlisi yaxshi taniydi.

- Muammoning sababiga kengroq izoh bera olasizmi?

- Gap shundaki, biz hozirgi sharoitda yulduz futbolchilarni safimizga qo‘shib ololmaymiz. Yuqori saviyali o‘yinchilar esa ma’lumki, xizmatlari evaziga yirik maosh talab qilishadi. Muammo mana shunga bog‘liq.

- Jamoa yosh, iste’dodli futbolchilarga tayanish mumkin-ku! Deylik, o‘tgan mavsumda Shohruz Norxonov o‘zini ko‘rsatib, jamoaning ligada qolishiga munosib ulush qo‘shgandi...

- Albatta, yurtimizda kelajagi porloq yoshlar yetarlicha topiladi. Biroq bunday futbolchilarning deyarli barchasi mamlakatimizning yetakchi klublarida jam bo‘lishgan. O‘rtamiyona jamoalar safidan esa yetakchilikni qo‘lga ola biladiganlarni topish amri mahol.

- Keling, masalaga aniqlik kiritib olaylik: sizga qaysi chiziqlar uchun futbolchilar topish vazifasi yuklatilgan?

- Umuman olganda, jamoamizdagi deyarli barcha chiziqlarni kuchaytirishimiz lozim. Seleksiya jarayonining bosh maqsadi ham shu, aslida. Lekin yuqorida aytganimdek, natijalar hozircha maqtovga loyiq emas.

- O‘tgan yili 14ta gol bilan oliy liga to‘purarlari orasida uchinchi o‘rinni egallagan Shohruz Norxonov borasida turli mish-mishlar yuribdi. Aytishlaricha, u «Obod»ni tark etganmish...

- Yo‘q, bu hali aniq fakt emas. Ha, chindan ham futbolchimizni o‘z safida ko‘rishni istayotgan klublar ko‘p. Ammo klub rahbariyati hozircha bu masalada yakuniy qaror qabul qilmagan. Qolaversa, Norxonovning «Obod» bilan tuzgan shartnomasi hali oxiriga yetmadi. Shuningdek, u ayni paytda milliy terma jamoa yig‘inida bo‘lib turibdi. O‘z o‘rnida ta’kidlab o‘tishim lozim, Shohruzning ikkinchi bor terma jamoa yig‘iniga chaqirilishi biz - klub mutasaddilarini xursand qildi. Norxonov astoydil harakat qilsa, hali ko‘p yutuqlarga erishadi.

- Agar u jamoadan ketgudek bo‘lsa, bu «Obod» uchun katta yo‘qotishga aylanadi...

- Ushbu fikrga to‘la-to‘kis qo‘shilaman. Chindan ham jamoamizning o‘tgan yilgi muvaffaqiyatlarida bu futbolchining hissasi g‘oyat katta bo‘ldi. Shohruz to‘purarlik mahoratini namo-yish etib, barchamizni birdek quvontirdi. O‘zim hujumchi bo‘lganim uchun, u bilan alohida shug‘ullanishni yoqtirardim. Eng muhimi, Norxonov o‘z ustida ishlashdan to‘xtab qolmasligi kerak. Chunki hozir uning ayni o‘sadigan payti.

- Yangi mavsumdagi rejalar qanday? «Obod» rahbariyati jamoa oldiga aniq vazifa qo‘ydimi?

- Hali vazifa qo‘yilmadi. Sababi, ayni paytda jamoaning shakllanish jarayoni davom etyapti va klubda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar hali juda ko‘p. Tarkibda o‘zgarishlar ro‘y berishi aniq. Lekin aytishim mumkinki, eng birinchi navbatda, oliy ligadagi o‘rnimizni saqlab qolishga e’tibor qaratamiz. Agar imkoni bo‘lsa, yuqoriroq o‘rinlar uchun kurashamiz. Xabaringiz bor, o‘tgan yili futbolchilarimizga ozgina tajriba yetishmagan edi. Umid qilamanki, bu yil jamoamiz a’zolarida o‘zlariga bo‘lgan ishonch ancha ortadi va natijalarimiz yangi mavsumda ijobiy ko‘rinish oladi. Xullas, jamoamiz muxlislarini chiroyli o‘yinlarimiz bilan xushnud etishga harakat qilamiz.

- «Obod»dagi shart-sharoitlar haqida nima deya olasiz?

- Sharoitlar o‘rtacha, noliydigan darajada emas, harqalay.

- Seleksioner sifatida aytingchi, boshqa klublardagi qaysi futbolchilarning harakati sizga ma’qul tushyapti?

- Shu paytgacha bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazdik va ularda raqib jamoa tarkibida harakat qilgan ayrim iste’dodli yoshlarni kuzatdim. Lekin seleksiya jarayoni yakunlanmagani bois, kuzatuvlarim xulosasini sir tutganim ma’qul.

- Ja’far aka, vaqti kelib, o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan jamoada ishlash istagi bormi sizda?

- Albatta, bor. Faqat, buning uchun birinchi navbatda Pro lisenziyasiga o‘qishim kerak. Zero, yangi mavsumdan boshlab ushbu guvohnomaga ega bo‘lmagan mutaxassislarga oliy liga klublarida bosh murabbiy lavozimida ishlash uchun ruxsat berilmaydi. «Obod»ga Rauf Inileevning bosh murabbiy etib tayinlanishida ham asosiy omil shu edi, aslida.

Biz hozirgi sharoitda yulduz futbolchilarni safimizga qo‘shib ololmaymiz. Yuqori saviyali o‘yinchilar esa ma’lumki, xizmatlari evaziga yirik maosh talab qilishadi. Muammo mana shunga bog‘liq...

Manba: www.interfutbol.uz

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 07:59, 14.02.2017.
O'qildi: 9540 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.