Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Qahramon Aslanovdan: «Ekipaj»

Qahramon Aslanovdan: «Ekipaj»

Baho:
+ | -

JCH-94 saralashining so‘nggi turida Fransiya o‘z maydonida Bolgariya terma jamoasini qabul qilgan. Mezbonlarni durang natija ham qanoatlantirar, ularni mundialga olib chiqardi. So‘nggi daqiqalar. Hisob 1:1. Fransiya — mundialda. Ertaga ularni maqtovlar kutmoqda. Bolgariya guruhda qolib ketadi. Ertaga murabbiy iste’foga chiqadi. Futbolchilar tanqidlar ostida qoladilar. Atigi bir necha soniya qoldi bunga. 

Eng so‘nggi soniyada Bolgariya hujumchisi Emil Kostadinov bir zarba bilan mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqadi. Endi Bolgariya jahon chempionatida. Gap yo‘q. Fransiya esa, mundialdan chetda qolib ketdi. Tayyorgarlik yaxshi bo‘lmagan ekan. Jamoa tanqidlar ostida qoldi. Murabbiy iste’foga chiqarildi. Futbol shunaqa.

Mashhur gollivud akteri Denzel Vashington bosh rolni ijro etgan «Ekipaj» filmini ko‘rgandim. Voqea mana bunday bo‘ladi: Denzel Vashington qahramoni Uil — uchuvchi. U boshqarayotgan samolyotda texnik muammo yuzaga keladi. Ekipajni qutqarib qolishning umuman iloji yo‘q edi. Ammo usta uchuvchi aql bovar qilmas harakatlar bilan samolyotni qutqarib qoladi. Qurbonliklar bo‘ladi, ammo barcha tajribali uchuvchilar bir ovozdan shuni aytishadiki, agar film qahramonidan boshqa biror uchuvchi bo‘lganida qurbonlar ko‘proq bo‘lardi, xuddi o‘sha vaziyatda uchuvchi tomonidan qilingan qaror va ijro eng mukammal ravishda amalga oshirilgandi.

Ammo samolyotga chiqish oldidan Uil biroz ichib olgandi. U ko‘pincha uchish oldidan ichib olar, hech qanday voqea bo‘lmagani uchun bu oshkor bo‘lmasdi. Halokatdan keyingi tekshiruvlar, analizlar Uilning kayfda bo‘lganini isbotlaydi. Endi u, aslida hech qanday uchuvchining hatto xushyor holida amalga oshira olmaydigan qahramonlik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, sud oldida javob berishi kerak. U qoidani buzgan, tamom.

Bilasizmi, futbolda ko‘pincha, g‘alaba uchun qilingan mehnat bilan yakuniy natija bir-biriga mos kelmasligi mumkin. G‘alaba uchun barchasini to‘g‘ri bajargan, tayyorgarlikni ko‘ngildagidek amalga oshirgan bir jamoa, aslida o‘sha o‘yinga u qadar tayyorgarlik ko‘rmagan raqibidan mag‘lubiyatga uchrashi mumkin. Eng yomoni, o‘yin tugagach, hammasini to‘g‘ri bajarib, ammo mag‘lub bo‘lgan taraf ko‘proq tanqid ostiga olinadi. Murabbiy iste’fo berishi, rahbarlar bosim ostida qolishi mumkin. Bu futbol.

Aytaylik, terma jamoamizning biror o‘yinga, musobaqaga tayyorgarligi ko‘ngildagidek bo‘lmasligi va bu holat jurnalistlar tomonidan tanqid ostiga olinishi mumkin. Bunday vaziyatlarda mutasaddilar avval o‘yin natijasini kutish kerakligini aytadilar.

Yoki terma jamoamiz g‘alaba qozondi, ammo aslida tayyorgarlik ko‘ngildagidek bo‘lmagandi, raqibning omadsizligi yoki jamoamizning omadi kelgani tufayli g‘olib keldik, deylik. Muammolarni tilga olishni boshlaganimizda, darrov, natija ijobiy ekani, demak faqat maqtash lozimligini, g‘oliblar muhokama qilinmasligini aytadiganlar topiladi. Ba’zida, biror kamchilik yoki xatolar tilga olinganda, natijani kutib, ana undan keyin tahlil qilinishi lozim, deyishadi.

Qatar-2011 da biz bilan bir guruhda to‘p surgan Xitoy terma jamoasi turnirga tayyorgarlik davrida Fransiya, Irlandiya kabi kuchli terma jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlarda ishtirok etgan. Biz esa, Bahrayn va Braziliyaning xavaskor klubi bilan o‘ynadik. So‘nggi natija — biz yarim finalgacha bordik, Xitoy esa guruhda qolib ketdi.

Xo‘sh, endi shunga qarab turib, O‘zbekistonning tayyorgarlik dasturini tuzganlar maqtalib, xitoyliklar tanqid qilinishi kerakmi? Axir ular o‘z terma jamoalariga yaxshiroq imkoniyat yaratdilar, kuchliroq raqiblar topib berdilarku. Shu to‘g‘rimi?

Menimcha, sabab va natija tushunchalarini ajratib olishimiz, vaziyatni tahlil qilishda doim bunga e’tibor berishimiz lozim.

Ma’lum turnirda, o‘yinda g‘alaba qozonish uchun o‘ziga yarasha sabablar bo‘ladi. Murabbiy yoki terma jamoalar markazining vazifasi mana shu sabablar ustida ishlash va maksimal tarzda g‘alabaga poydevor qo‘yishdir. Natijadan qat’i nazar, mana shu yaratilgan sabablar doim tahlil qilinishi, xatolar ustida ishlanishi, hisob berilishi shart.

Masalan terma jamoamiz muhim o‘yinda maydonga tushishi kerak. Shunaqa bo‘lishi ham mumkinki, hech qanday tayyorgarliksiz yoki ko‘ngildagidek tayyorgarlik olib bormasdan turib ham o‘sha o‘yinda g‘alaba qozonish ehtimoli mavjud doimo. Agar omadimiz kelib, g‘alaba qozonib qolsak, tayyorgarlikdagi xatolar, kamchiliklar eslanmay qolib ketadi. Hammasini o‘sha birgina g‘alaba suvab ketadi. Keyingi mag‘lubiyatgacha tanqid qilish va javobgarlik qoldiriladi.

Anchadan beri mana shu yo‘nalishda ishlab kelmoqdamiz. G‘alati klublar bilan o‘yinlar, ma’nosini tushunib bo‘lmaydigan yig‘inlar, u yoki bu futbolchining tushunarsiz sabablar bilan terma jamoaga jalb etilishi yoki chetda qolishi, bekor qilingan o‘rtoqlik o‘yinlar juda ko‘pdan beri bor.

Bu haqida doim gapirilmaydi. Muammolar o‘yinlardagi natijalarga qarab aytilib, aytilmay kelinaveradi. Murabbiy hammasiga javobgar, oxirida natijaga javob beradi, shunday ekan, istaganini qilishi mumkin, deb turilaveradi.

Terma jamoa mutasaddilari faqat natijaga qarab tanqid qilinishi yoki  maqtalishi noto‘g‘ri. Terma jamoa mutasaddilari doim ular yaratayotgan sabablarga qarab tahlil qilinishi lozim. Sabablar to‘g‘ri yaratilyaptimi, demak, mag‘lubiyatni ham kechirsa bo‘ladi. Sabablar noto‘g‘ri yaratilyaptimi, demak, natija ijobiy bo‘lsa ham, javobgarlik bo‘lishi shart.

Bugunku, g‘alabalar ba’zi xatolarni yuvib ketar, ertaga mag‘lubiyatlar mehnatlarni yuvib ketsa, nima qilasiz?

Terma jamoamizni Rossiya tomon uchayotgan samolyot deb tasavvur qilsak, ekipaj mundialga sog‘-omon yetib oladimi yoki yo‘qmi, qat’i nazar, uchuvchilarimiz samolyotni «kayf»da boshqarmasliklarini hozirdan talab qilishga haqlimiz.

Manba: erudit-sport.uz
Kiritildi: 21:45, 14.02.2017.
O'qildi: 8636 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.