Yevropa Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi Madridning «Real» klubi 15 fevral kuni nimchorak final doirasida «Napoli»ga qarshi uchrashuvda maydonga tushadi. Tribuna.Uz mazkur to‘qnashuvga oid ma’lumotlar bilan o‘z o‘quvchilarini tanishtirib o‘tadi.
YECHL. 1/8 final
REAL – NAPOLI
Madrid «Santyago Bernabeu» stadioni. Toshkent vaqti bilan 16 fevralga o‘tar kechasi, soat 00:45
Bosh hakam: Damir Skomina (Sloveniya)
Translyasiya: Match! Futbol 1.
O‘yin oldidan
Real
Madridliklar jamoasi Chempionlar ligasida tanaffus boshlangach, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘alaba qozonishga va Ispaniya kubogini ancha barvaqt tark etishga ulgurdi. «Selta»ga qarshi o‘yinlarda jamoa nursiz futbol ko‘rsatdi. Chempionatda esa hozircha barchasi joyida. Zidan shogirdlari asosiy ta’qibchisi «Barselona»dan ikki uchrashuv kam o‘tkazgan holda ham 1 ochko oldinda bormoqda. Biroq jamoa so‘nggi turda autsayder «Osasuna»ga qarshi uchrashuvda muammolarga duch keldi.
Napoli
Iguain sotib yuborilgach, uning o‘rniga xarid qilingan Arkadiush Milik uzoq muddatga safdan chiqqach, ko‘pchilik endi Sarri hujumda katta muammolarga duch kelishini taxmin qilgandi. Biroq murabbiyning pozisiyalarni almashtirishdagi qarori ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Ko‘proq qanot futbolchisi sifatida o‘ynab kelgan Dris Mertens markaziy hujumchi ampluasiga o‘tkazildi va barchasi kutilmagan darajada muvaffaqiyatli chiqdi. Het-trik va pokerlarni qatorlashtirgan belgiyalik futbolchi qisqa muddatda Italiya chempionati to‘purarlari ro‘yxatiga kirib oldi. «Napoli» bunday sermahsul o‘yini bilan chempionatda ham so‘nggi uchrashuvlarni muvaffaqiyatli o‘tkazmoqda. Jamoa so‘nggi 18ta uchrashuvning birortasi mag‘lubiyatga uchramadi.
O‘zaro o‘yinlar
Ikkala jamoa bugunga qadar faqatgina 1987/1988 yilgi mavsum Yevropa Chempionlar Kubogining dastlabki bosqichida to‘qnash kelgan. «Real» dastlab Madridda 2:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, o‘sha paytlari Diyego Maradona to‘p suradigan neapolliklar o‘z maydonida 1:1 hisobida durang qayd etgandi.
Yo‘qotishlar
«Real» tarkibida Garet Beyl mashg‘ulotlarni boshlab yuborgan bo‘lsada, uning bu uchrashuvda ishtirok etmasligi aniq bo‘lib turibdi. Shuningdek Toni Kroos, Pepe va Danilo ham bu uchrashuvda jamoasiga yordam bera olmaydi. Bir kun muqaddam Krishtianu Ronaldu ham uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida kichik jarohat olgani ma’lum qilingandi. Lekin bu portugaliyalik futbolchining maydonga tushishiga xalaqit bermasa kerak.
«Napoli» esa Arkadiush Milik uzoq vaqtdan buyon o‘yinlarda ishtirok eta olmayapti. Lekin bu uchrashuvda polshalik futbolchi nihoyat zaxira o‘rindig‘idan bo‘lsada joy olishi kutilmoqda.
O‘yin atrofidagi qiziqarli faktlar
– «Real» ketma-ket yettinchi marta chorak finalga chiqishi mumkin. Shuningdek jamoa, Chempionlar ligasida ketma-ket ikki marta g‘alaba qozongan yagona jamoaga aylanish uchun kurashmoqda;
– madridliklar Yevrokuboklar doirasida o‘z maydonida o‘tkazilgan so‘nggi 8 o‘yinda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda;
– jamoa «Santyago Bernabeu»dagi so‘nggi 33 o‘yindan 28tasida g‘alaba qozongan. Oxirgi marta jamoa o‘z maydonida 2014/2015 yilgi mavsum chorak finalida «Shalke 04»dan 3:4 hisobidagi mag‘lubiyatga uchragan.
– 2015/2016 yilgi mavsum nimchorak finalida «Roma» har ikkala bahsda 2:0 hisobida mag‘lub etilganiga qaramay, «Real» bundan oldin Italiya jamoalariga qarshi o‘tkazgan ikki o‘yinlik pley-off bahslarining ketma-ket sakkiztasida mag‘lub bo‘lib, musobaqadan chiqib ketgan.
– «Qirollik klubi» o‘z maydonida Italiya jamoalariga qarshi 31ta o‘yin o‘tkazgan: 22 g‘alaba, 3 durang va 6 mag‘lubiyat.
– «Napoli» uchun bu YECHL tarixidagi ikkinchi nimchorak final bo‘ladi. So‘nggi marta jamoa 2011/2012 yilgi mavsumda bo‘lajak chempion «Chelsi»ga qo‘shimcha bo‘limlarda imkoniyatni boy berib musobaqadan chiqib ketgan.
Taxminiy tarkiblar
Real: Keylor Navas, Daniel Karvaxal, Serxio Ramos, Rafael Varan, Marselo, Toni Kroos, Kazemiro, Luka Modrich, Isko, Krishtianu Ronaldu, Karim Benzema.
Napoli: Pepe Reyna, Alsaid Xyusay, Kalidu Kulibali, Fauzi G‘ulom, Raul Albiol, Pyotr Zilinski, Amadu Diavara, Marek Hamshik, Xose Kalyexon, Dris Mertens, Lorenso InsinYE.