Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

O‘z vaqtida iroda ko‘rsata olgan «Manchester Siti»

O‘z vaqtida iroda ko‘rsata olgan «Manchester Siti»

Baho:
+ | -

«Aqldan ozdiradigan kecha bo‘ldi», – bu o‘yinga Serxio Aguero aynan shunday ta’rif berdi. «Manchester Siti» va «Monako» o‘rtasida kechgan Yevropa Chempionlar ligasi nimchorak finali dastlabki o‘yini futbolda kuzatilishi mumkin bo‘lgan deyarli barcha narsalarni ko‘rsatdi: o‘ziga xos 8 ta gol, kuchsiz himoya namunalari, o‘ta kuchli hujumlar, amalga oshirilmagan penalti, 10 dan ortiq sariq kartochka va boshqalar.

Kelajakdan umid

«Manchester Siti» muxlislari bu o‘yin sevimli jamoalarining yorqin kelajagiga yo‘l ochishiga umid qilishi tabiiy. Har holda, maydonning raqib himoyasiga ajratilgan qismida Gvardiola Manchesterga kelganida orzu qilingan spektaklning bir parchasini ko‘rganimizdek taassurot qoldi.

Undan ham yaxshisi, «Siti» mashaqqat bilan erishgan 5:3 hisobidagi natijaga yosh vingerlar Rahim Sterling va Leroy Sane katta hissa qo‘shdi: ularning ikkalasi ham gol urib, gollarga hammualliflik qildi. Sane «Monako»ning uch futbolchisini dog‘da qoldirib, Sterling hisobni ochishiga ko‘maklashgan bo‘lsa, Sterling Aguero hisobni 2:2 ga keltirishi uchun imkon yaratdi. Biri 22, ikkinchisi 20 yoshda bo‘lgan bu futbolchilar tezkorlik, kutilmagan harakatlar va aldab o‘tish qobiliyatini namoyish etmoqda va bu jihatlar kelajakda yanada yaxshilanishi mumkin.

Vaqtida uyg‘ongan Aguero

2012 yil may oyida o‘yinga qo‘shib berilgan vaqtda «shaharliklar»ga Premyer Liga chempionligini olib kelgan golni urgan bu hujumchining muhim vaziyatni sezish qobiliyatiga hech qanday shubha yo‘q edi. U Gvardiolaning o‘yin tizimiga mos yoki nomunosib ekanligi haqidagi bahslar avj olgan bir paytda Aguero «Siti»ning boshqa biror futbolchisida bo‘lmagan tug‘ma sezish qobiliyati bilan yordamga keldi.

«Gol urish har doim muhim. Men o‘yin taqdiriga ta’sir ko‘rsatadigan gollarni yaxshi ko‘raman va bugun shunday gollar urdim. Ayniqsa, ikki gol ustunligiga ega bo‘lganimiz javob o‘yiniga xotirjamroq tarzda borishimiz uchun muhimdir», – dedi o‘yinda ikki gol urgan va bir golli pas bergan Aguero UEFA.com’ga bergan intervyusida.

Qaltis strategiya

Gvardiola esa o‘z strategiyasi qaltis bo‘lganini e’tirof etdi. «Biz qisqa masofalarda hujum qilib, orqada katta bo‘shliqlar qoldirdik. Shu sababli men juda hayajonlandim», – dedi ispaniyalik mutaxassis. «Monako» hisboda oldinda borayotganda Gvardiolaning noroziligi ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, u bu uslubdan voz kechishi amri mahol. O‘zgarish faqat himoya chizig‘ida bo‘lishi mumkin. Bu Otamendi va Stounz uchun juda qiyin o‘yin bo‘ldi. Ayniqsa 22 yoshli Stounzni Falkao mukammal tarzda ortda qoldirib o‘zining ikkinchi golini urgandi, biroq u ham Chempionlar Ligasidagi ilk golini aynan shu o‘yinda nishonladi.

Qahramon Kabalero

Villi Kabalero «Siti»da Klaudio Bravo asosiy darvozabon sifatida tanlanganidan buyon o‘zining eng yaxshi o‘yinini o‘tkazishni sabr bilan kutdi. Bu o‘yinda unga «yo o‘zingni ko‘rsat, yo buni yo‘qotasan» qabilidagi imkoniyat berilgandi. U «Monako»ning dastlabki golida xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa ham, Falkaoning penaltidan bergan zarbasini qaytarishi o‘yinda muhim burilish yasadi.

Serxio Aguero ham aynan vatandoshining seyvi o‘yinda burilish bo‘lganini e’tirof etdi: «Bu biz uchun qo‘shimcha ishtiyoq berdi. Aynan shu joydan biz o‘zimizni o‘nglab oldik va yaxshi o‘ynashni boshladik». Haqiqatan ham, bu «Siti»ni o‘zgartirib yubordi.

Manba: muhokama.com
Kiritildi: 17:34, 22.02.2017.
O'qildi: 6083 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.