Kirish Ro'yxatdan o'tish
05/07 06:00 Argentina 1-1 Ekvador
05/07 21:00 Ispaniya 2-1 Germaniya
06/07 00:00 Portugaliya - Fransiya
06/07 06:00 Venesuela - Kanada
06/07 21:00 Angliya - Shveysariya
07/07 00:00 Niderlandiya - Turkiya
07/07 03:00 Kolumbiya - Panama
07/07 06:00 Urugvay - Braziliya

Barchasi OCHL haqida

Barchasi OCHL haqida

Baho:
+ | -

Mana, qit’amiz klub futbolidagi asosiy turnir - OCHLning navbatdagi mavsumi asosiy raundi ham yo‘lga tushdi. Garchi guruh bosqichi klublarimiz uchun omadsiz boshlangan bo‘lsada, OCHLga tegishli ayrim rekordlar va faktlar bilan tanishtirishni lozim topdik. Chunonchi, ayrim ko‘rsatkichlarga o‘zbek futboli ham daxldor. Umuman, bu boradagi izlanishlarni turnir davomida to‘ldirib borishga harakat qilamiz, albatta.

OCHL-2017dagi eng Qimmatbaho futbolchilar. Joriy turnirning eng qimmatbaho futbolchilari orasida hamyurtimiz Odil Ahmedov ham bor. U reytingning 10-qatorida qayd etilgan. To‘g‘ri, ushbu ro‘yxatda ko‘rsatilgan summalar futbolchining asl transfer narxiga muvofiq kelmasligi mumkin. Zero, bunda  transfermarkt.de sayti (Germaniya) qo‘ygan baho inobatga olingan. Klublar esa futbolchilarga saytda ko‘rsatilganidan ko‘proq to‘lashlari hech gap emas. Joriy mavsum turnirga «zayavka» qilingan futbolchilarning umumiy narxi esa 405,9 mln. funtga teng. OCHLning o‘tgan yilgi eng yaxshi futbolchisi - Umar Abdulrahmonning mazkur ro‘yxatda atigi 25-pog‘ona (narxi - 2,98 mln. funt)dan dan joy olganini alohida aytish joiz. Saralash raundida «Nasaf» darvozasiga yagona golni urgan Ukra esa 38-qatorda (1,28 mln. funt). Umuman, OCHLning joriy mavsumi uchun ro‘yxatga olingan futbolchilardan 67 nafarining transfer narxi 1 mln. funtdan baland. Ular orasida  «Lokomotiv» va «Bunyodkor»dan biror vakil yo‘q.

Uzoq vaqtdan buyon ishlayotgan bosh murabbiylar. Bosh murabbiylar orasida «Jeju Yunayted» ustozi Park Kyung Xunning bu klubda ish boshlaganiga 7 yildan oshdi - eng yaxshi ko‘rsatkich. Hozirgi klubida eng ko‘p ish tajribasiga ega 10 nafar bosh murabbiy orasida «Bunyodkor» ustozi Sergey Lushchan ham bor.

1. Park Kyung Xun (J.Koreya) - «Jeju Yunayted», 56 yosh,  7 yilu 3 oydan buyon

2. Antoni Popovich (Avstraliya) -  «Vestern Sidney», 43 yosh, 5 yilu 9 oydan buyon

3. Maykl Petrovich (Avstriya) - «Urava Reds»,  59 yosh,  5 yilu 1 oydan buyon

4. Seo Jung Von (J.Koreya) - «Suvon Samsung»,  46 yosh,  4 yilu 2 oydan buyon

5. Kenta Xasegava (YAponiya) - «Gamba Osaka», 51 yosh,  4 yilu 1 oydan buyon

6. Kosmin Olariu (Ruminiya) - «Al-Ahli» (Dubay), 47 yosh,  3 yilu  7 oydan buyon

7. Sergey Lushchan (O‘zbekiston) - «Bunyodkor», 43 yosh,  2 yilu 8 oydan buyon

8. Branko Ivankovich (Xorvatiya) - «Piruzi»,  62 yosh, 1 yilu 10 oydan buyon

9. Jon Aloizi (Avstraliya) - «Brisben Roar», 41 yosh,  1 yilu 8 oydan buyon

10. Felipe Skolari (Braziliya) - «Guanjou Evergrand», 68 yosh,  1 yilu 8 oydan buyon.

Hakamlar mavzusi. Amaldagi bosh hakamlarga qarasak, OCHLda ko‘p ishlash bobida hamyurtlarimiz Ravshan Ermatov va Valentin Kovalenko yetakchilar qatorida. Joriy turnir oldidan Ermatov hisobida 36ta va Kovalenkonikida 32ta o‘yin bor edi. Demak, 1-tur doirasidagi uchrashuvlar Ermatov uchun 37-o‘yin, Kovalenko uchun esa 33-o‘yin bo‘ldi.

Klub tarbiyalanuvchilari. «Bunyodkor» o‘z akademiyasi tarbiyalanuvchilariga katta e’tibor qaratuvchi klublar reytingida 8-o‘rinda bormoqda. Ro‘yxatda tarbiyalanuvchilar soni, ularning jami o‘yinlari va gollari inobatga olingan. Joriy mavsum «Bunyodkor»ning bu boradagi mavqei yanada ko‘tarilsa, ajabmas. Zero, Doston Hamdamov, Akrom Komilov, Sanjar Qodirqulov kabi klub maktabida tarbiya topgan yigitlar yaxshigina statistika qayd etsalar, ajabmas.

Eng yosh futbolchilar.Turnir tarixida maydonga tushgan eng yosh futbolchi «Adelaida Yunayted» hujumchisi Tiboy Kamaradir. U 2012 yilning 18 aprel kuni «Adelaida Yunayted» - «Poxang Stilers» o‘yini (1:0)da safga qo‘shilganida, 15 yoshu 1 oylik bo‘lgan. Mana 5 yildirki, bu rekord yangilangani yo‘q. Hamyurtimiz Temur Hakimov esa 2012 yilning 2 may kuni «Paxtakor» - «Al-Ittihod» bahsi (1:2)da maydonga tushgan payti 17 yosh 8 oy 9 kunlik edi. U turnirning eng yosh debyutantlari orasida 9-o‘rinni band etib turibdi.

Eng «Qariya» futbolchilar.Turnirda maydonga tushgan eng yoshi katta futbolchi - «Chonbuk Xyunday Motors» posboni Choy Yun Sung. U 2014 yilning 18 mart kuni «Guanjou Evergrand» - «Chonbuk Motors» o‘yini (3:1)da maydonga tushib, «qariyalar» rekordini yangilagandi - 42 yosh 11 oy 13 kun. Hamyurtimiz Pavel Bugalo bu borada 5-ko‘rsatkichga ega. U 39 yosh 6 oy 26 kunligida (2014 yilning 19 mart kuni) «Bunyodkor» - «Fulad» uchrashuvida qatnashgandi. «Qariyalar» ro‘yxatining ilk 10taligida 38 yosh 7 oy 27 kunligida maydonga tushgan Viktor Karpenko («Bunyodkor») ham bor - 9-o‘rin.

Eng «yosh» tarkib.Ravshan Haydarov 2011 yilning 11 may kuni «Paxtakor» - «Al-Sadd» bahsida OCHL tarixidagi eng «yosh» boshlang‘ich tarkibni maydonga tushirgandi. O‘shanda 11 nafar futbolchining o‘rtacha yoshi 21,8ni tashkil etgandi. O‘sha tarkibni yodingizga solamiz: Nikita Ribkin (19 yosh), Murod Xolmuhammedov (20 yosh), Ilhom Suyunov (27 yosh), Akmal Xolmurodov (22 yosh), Akbar Ismatullayev (20 yosh), Vladimir Kozak (17 yosh), Stanislav Andreev (23 yosh), San’at Shixov (21 yosh), Alisher Azizov (21 yosh), Dushan Savich (25 yosh), Temurxo‘ja Abduxoliqov (19 yosh). «Al-Sadd» asosiy tarkibiga kirgan futbolchilarning o‘rtacha yoshi esa 24,5ga teng bo‘lgandi. Umuman olganda, OCHL tarixida eng «yosh» tarkib bilan harakatlanish bobidagi 10ta yaxshi ko‘rsatkichdan 5tasi aynan «Paxtakor»ga tegishli.

Eng «Qari» tarkib.«Istiqlol» ustozi Amir Galenoi 2014 yilning 2 aprel kuni «Al-Jazira» (Abu-Dabi)ga qarshi safar bahsi (0:1)da turnir tarixidagi eng «qari» tarkibga tayangandi. Eronlik mutaxassis tuzgan boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgan futbolchilarning o‘rtacha yoshi  31,5ga teng edi. Murabbiyning o‘zi o‘sha vaqt 50 yoshda bo‘lgan.

«Quruq» o‘yinlar.Darvozabonlar saviyasi ular ishtirokidagi quruq o‘yinlar soni bilan ham o‘lchanadi. OCHL tarixida darvozasini daxlsiz saqlash bobida mutlaq yetakchi posbon yo‘q. Binobarin, birdaniga 5 nafar golkiperda 15tadan «quruq» o‘yin (eng yaxshi ko‘rsatkich) bor. Bular - Shaxab Gordan (2ta klubda), Shin Xva Yong («Poxang Stilers»), Mehdi Rahmati (2ta klubda), Ignatiy Nesterov (2ta klubda), Cheng Jeng (2ta klubda). Nesterov mavsum-2017 startiga qadar OCHL doirasidagi 41ta o‘yinda ishtirok etib, ularda aynan 41ta gol qo‘yib yuborgandi. Joriy mavsum 1-turidan so‘ng uning statistikasi biroz oshdi: 42ta o‘yin, -42ta gol.

Umumiy jadval. Turli yillarda turnir g‘olibiga aylangan «Chonbuk Xyunday Motors», «Al-Ittihod», «Seongnam Ilva Chunma», «Al-Sadd», «Poxang Stilers»dek taniqli klublar joriy mavsum chetda qolishdi. Ayni payt guruh raundida ishtirok etayotgan 32ta klubdan 6tasiga bungacha bosh sovrinni yutish nasib etgan. Umuman, Osiyo klub futbolining bosh musobaqasida shu paytga qadar 124ta jamoa ishtirok etgandi (saralash raundlari inobatga olinmagan). Ayni ishtirokchilar orasida turnirda ko‘p qatnashish bo‘yicha «Al-Hilol» yetakchidir. Saudiya jamoasi shu bilan 13-marta startga chiqdi va bu borada rekordchi - «Paxtakor»ga yetib oldi. Turnir tarixida 100ta o‘yin marrasini birinchi bo‘lib, aynan «Al-Hilol» zabt etadi. BAAning «Al-Ayn» klubi finalga qadar yetib borsagina, jami o‘yinlari soni 100tadan ortadi. Joriy mavsum guruh bosqichida o‘ynayotgan 32ta jamoadan 3tasi turnir debyutanti hisoblanadi. Bular - «Istiqlol» (Huziston), «Al-Tavon» va «Istern».

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:43, 07.03.2017.
O'qildi: 7196 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.