Rossiyaning kuchli klublaridan hisoblangan «Zenit» chempionatning ikkinchi qismi boshlanishidan avval tarkibiga Yoan Molloni qo‘shib oldi. SSKAga qarshi kechgan uchrashuvda ancha faol harakat qilib, piterliklar ishon-chini oqladi. Moskvaliklar bilan bo‘lgan o‘yindan oldin rossiyalik jurnalistlar ushbu futbolchini suhbatga tortishdi.
- Yevropa Ligasi «zayavka»siga kiritilmaganingizdan ajablandingizmi?
- Yo‘q, desam aldagan bo‘laman. Lekin ajablandim ham deya olmayman. «Zenit»ga quruq gap uchun kelmaganman, aksincha, o‘z saviyamni namoyish qilishni istayman. Agar Yevropa Ligasi «zayavka»siga kiritilmaganim uchun taqdirga tan berib, yengildim, deyishimni kutsangiz, adashasiz. Bu ham bir sinov. «Zenit»ning har bir o‘yinchisidan so‘rashingiz mumkin. YEL o‘yinidan oldin qanday shug‘ullangan bo‘lsam, hozir ham xuddi shu ishtiyoqda mashq qilyapman.
- «Zenit»ning yig‘inlaridan qanday taassurot oldingiz?
- Bu - top-jamoa. Shuningdek, tarkibda ham ajoyib futbolchilar jamlangan. Albatta, «Zenit»ga moslashib olishim uchun vaqt kerak edi. To‘g‘ri, jismoniy jihatdan bu oson bo‘lmadi. Ammo hozir o‘zimni yaxshi his qilyapman. Murabbiy nima istayotganini bilib oldim va jamoadoshlarimni ham yaxshi tushunyapman.
- Ko‘pchilik jamoa o‘tkazgan o‘rtoqlik uchrashuvlarini muhokama qilmoqda.
- Murabbiy «Besh kunda beshta o‘yin o‘tkazasizlar», desa, avvaliga «Nahotki, shuning iloji bo‘lsa?» deb o‘ylanib qolasiz. Keyin esa buning qiyin joyi yo‘qligiga ishonch hosil qilasiz. Futbol faqat jismoniy yuklamalardan iborat emas, balki katta aqliy mehnat hamdir. O‘tkazilgan o‘yinlarda murabbiy oyoqlarimizni emas, aqlimizni ishlatishimizni ko‘proq istadi. U bizga «Agar ruhan tayyor bo‘lsang, demak jismonan ham tayyorsan», dedi.
- Oldinda SSKAga qarshi o‘yin bor. Tarkibga kirishingiz uchun imkoniyat mavjudmi?
- Maydonda ko‘p narsaga qodirman. Eng muhimi, tarkibga kirsam bo‘lgani.
- Bir paytlari «Krilya Sovetov» safida «Zenit»ga qarshi uchrashuvning asosiy qahramoniga aylangandingiz...
- O‘sha o‘yin esimda, yaxshi ishlagandim. Umuman olganda, menga kuchli raqiblarga qarshi o‘ynash yoqadi. Aynan shunday bahslarda qanchalik yaxshi futbolchi ekaningizni namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Bunday vaziyatga tushib qolsam, adrenalinni his qilaman.
- Keling, futboldagi birinchi qadamlaringizni eslaymiz?
- Sakkiz yoshimgacha markaziy himoyada o‘ynaganman. Keyin otamga pozisiyamni almashtirib, qanot yarim himoyasiga o‘tmoqchiligimni aytdim. U esa bunga qarshi chiqdi. Oradan hech qancha o‘tmay, hujumda to‘p surish istagi tug‘ildi. Umuman olganda, o‘zimni hamma chiziqda sinab ko‘rdim.
- Ayni paytdagi eng yoqtirgan pozisiyangiz qaysi?
- Chap qanot yarim himoyasi. Shu chiziqda eng ko‘p o‘ynaganman. Lekin murabbiy o‘ngda yoki markazda to‘p surishimni aytsa, tortishmayman. Aslida, o‘z chizig‘imda yaxshiroq harakat qilaman.
- Fransiyaning ko‘plab klublarida o‘ynagansiz. Ularning qaysi birida o‘zingizni baxtliroq his qilgansiz?
- «Monako»dagi ikki yil muvaffaqiyatli kechgandi. Lekin Fransiyadagi faoliyatimning eng yaxshisi «Sent-Etyen»da o‘tgan, deb hisoblayman. O‘shanda ajoyib jamoadoshlarim bor edi. 2013 yili Fransiya liga kubogini yutganmiz. Bu sovrin men uchun juda muhim. Jamoamiz 19 mingdan ortiq muxlislari ko‘z o‘ngida mukofotni qo‘lga kiritgan. Umumiy hisobda, o‘yinni tomosha qilish uchun «Stad de Frans»ga 79 ming tomoshabin tashrif buyurgandi. Menimcha, aynan shunday lahzalar uchun futbolchi bo‘lganingizga achinmaysiz.
- Keyinchalik klub bilan muammolar yuzaga kelganmi?
- G‘alati vaziyatga tushib qolganman. Muxlislar men tomonda edi. Murabbiyning fikri esa boshqacha bo‘lgan.
- Samara shahridan qanday taassurotlar qoldi?
- Ayrim muammolari bor jamoaga tashrif buyurgandim. Lekin o‘zimni yaxshi his qilganman. Katta ishtiyoq bilan o‘ynaganman, bu klub qalbimda qoldi. O‘z navbatida, ular «Zenit» bilan shartnoma tuzishimga yo‘l qo‘yib berishdi.
- Volga daryosida cho‘mildingizmi?
- Yo‘q. Yigitlar bilan daryo bo‘yiga chiqdik. Rossiyalik futbolchilar shunday dam olishlarni xush ko‘rishadi. To‘g‘risi, menga piyoda sayrlar unchalik yoqmaydi.
- «Krilya»da til muammosi qiynamaganmi?
- Aslo. Futbol tili - universal. Masalan, hozirgi ustozim Mircha Luchesku fransuzchani biladi. Ammo men bilan boshqa tilda gaplashadi. Muhimi, bu bir-birimizni tushunishimizda xalal bermaydi.
- Dortmundning «Borussiya»sida o‘ynayotgan do‘stingiz Obameyang «Zenit»ga o‘tganingiz bilan tabrikladimi? U bilan muloqot qilyapsizmi?
- Pyer - o‘ta iqtidorli. Lekin u men uchun birinchi o‘rinda - do‘st.
- Siz «Zenit»dagi ikkinchi fransiyaliksiz. Birinchisini taniysizmi?
- PyuigrenYE. U bilan «Nansi»da birga o‘ynaganmiz. Sebastyan «Zenit» bilan Yevropa superkubogida g‘olib chiqqan.