Ispaniya chempionatining 27-tur doirasida "Real" o‘z maydonida "Betis"ni qabul qildi va ochko yo‘qotib qo‘yishiga oz qoldi.
"Madrid" o‘yin boshidan raqib darvozasi tomon katta bosim uyushtirdi. "Real Betis" bir amallab raqib hujumlariga dosh berdi va 15-daqiqadan boshlab oldinga o‘ta boshladi. Dastlab mezbon himoyachilarining xatosidan keyin "Betis" hujumchisi birga-bir vaziyatga chiqib ketdi, ammo Navas xavfni bartaraf etdi.
Oradan ko‘p o‘tmasdan uchrashuvda bahsli vaziyat yuzaga keldi. Olis masofadan yetkazilgan uzatma natijasida mehmonlar hujumchisi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga qochib ketdi. Ammo jarima maydonchasi tashqarisida to‘p hujumchidan ham, Navasdan ham o‘tib ketdi hamda ikkala futbolchi o‘zaro to‘qnashib ketishdi. Hakam esa o‘yinni to‘xtatmadi. Agar bu vaziyatda davrozabon qoida buzdi deb topganida, Navas maydondan chetlatilishi kerak edi. Boisi, "Betis" futbolchisi bo‘sh darvoza qarshisida yolg‘iz qolardi.
Uchrashuvning 25-daqiqasida Keylor Navas o‘sha xatosi uchun "Betis" oldida o‘zini "oqladi". Chap qanotdan yerlatib yetkazilgan uzatmaga Sanabriya 15 metrlardan zarba berdi. "Real" posboni to‘pni egallab oldiyu, keyin g‘alati harakatlar bilan to‘pni darvozaga burib yubordi.
Mehmonlar hisobda oldinga chiqib olganlaridan keyin ancha ishonch bilan harakat qila boshladilar. Biroq bo‘lim tugashiga 5 daqiqa qolgani ular bir zumga Ronalduni ko‘zdan qochirishdi va jazolanishdi. Marselo chap qanotdan yetkazgan uzatmani Krishtianu bosh bilan darvozaga joylab qo‘ydi.
Mehmonlar ikkinchi bo‘limni dadil boshlab, raqib futbolchilariga nisbatan faol pressing qo‘llay boshladi. Buning natijasida "Real" to‘liq ustunlikka ega bo‘la olmadi. Biroq "Betis" futbolchilari jismonan ko‘p kuch yo‘qotishdi va so‘nggi 15 daqiqada xatoga yo‘l qo‘ya boshlandi.
Iskoning uzatmasidan keyin Ronaldu birga-bir vaziyatga chiqib bordi va 12-13 metrlardan zarba berdi, lekin unga aniqlik yetishmadi. Lukas Vaskes oldinga o‘tayotganida esa Pichchini uni ochiqchasiga tortib yiqitdi hamda ikkinchi sariq kartochkani olib, maydonni tark etdi.
O‘yin tugashiga 10 daqiqa qolganida "Real" joniga yana o‘sha haloskor oro kirdi. Burchakdan yetkazilgan uzatmani Serxio Ramos bosh bilan darvozaga joylab qo‘ydi.
Gol o‘tkazib yuborganidan keyin, 10 kishi bo‘lib o‘ynayotganiga qaramay, "Betis" o‘yin nazoratini oldi va qo‘shib berilgan daqiqalarda hisobni tenglashtirish uchun juda qulay imkoniyatga ega bo‘ldi. Chap qanotdan yetkazilganu uzatmani Sanabriya bosh bilan darvoza tomon burdi. Navas ajoyib seyv namoyish qilib, jamoasini qutqardi va o‘z aybini "yuvdi".
"Real" o‘ta qiyin qo‘lga kiritilgan g‘alaba evaziga o‘z ochkolarini 52taga yetkazdi va jadvalda 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Ispaniya chempionati, 27-tur, 00:45
Real Madrid – Betis 2:1 (1:1, 1:0)
Gollar: 0:1 – 25, avtogol Navas, 1:1 – 41 Ronaldu, 2:1 – 81 Ramos.
Real Madrid – Navas, Nacho, Marselo, Karvaxal, Ramos, Modrich, Kroos, Isko (Asensio, 79), Xames (Vaskes, 69), Ronaldu, Morata (Benzema, 71).
Betis – Adan, Pesselya, Toshka, Durmisi, Mandi (Rafa Navarro, 84), Pardo, Brashanas (Alegriya, 86), Sebalyos, Pichchini, Sanabriya, Ruben Kastro (Petros, 64).
Ogohlantirishlar: Pichchini (30), Marselo (87).
Chetlatish: Pichchini (78).