Kirish Ro'yxatdan o'tish
08/05 00:00 PSJ 0-1 Borussiya D
09/05 00:00 Real Madrid 2-1 Bavariya
10/05 23:45 Frozinone - Inter
11/05 00:00 Nissa - Gavr
11/05 00:00 Brest - Reyms
11/05 00:00 Alaves - Jirona

«Pissaga o‘rin yo‘q! Xo‘sh, unda nima yeymiz?». Ingliz jamoalarining ovqatlanish tizimi

«Pissaga o‘rin yo‘q! Xo‘sh, unda nima yeymiz?». Ingliz jamoalarining ovqatlanish tizimi

Baho:
+ | -

Britaniya matbuotining ma’lumotlariga ko‘ra, Kladuio Ranyeri «Lester» futbolchilariga uchrashuvlar tugaganidan keyin tovuq go‘shtidan tayyorlangan burgerlarni iste’mol qilishni taqiqlab, taomnomaga bir qator o‘zgarishlar kiritgan ekan. Shu bahona «SE» muxbiri ingliz jamoalaridagi ayrim ovqatlanish tizimiga e’tibor qaratdi.

«Lester»: «Kolbasa-odam» qoidasi

«Tulkilar» avvalgi mavsumni muvaffaqiyatli boshlagan bo‘lsalar-da, Klaudio Ranye­ri mamnun emasdi. Boisi, jamoa dast­labki 9ta uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini ta’minlay olmagandi. Nihoyat, 10-turda kutilgan «quruq» o‘yin qayd etildi. Italiyalik mutaxassis o‘z hisobidan barcha shogirdlarini bittadan pissa bilan rag‘batlantirdi. Shu tariqa har bir «quruq» uchrashuv uchun «Margarita» yoki «Peperoni» bilan siylash «Lester»da an’ana bo‘lib qoldi. Kuzda esa Ranyeri pissaxo‘rlik avvalgi mavsum bilan birgalikda tarixga aylanganini ma’lum qildi. Hozir jamoa maishatparastlikka beriladigan holatda emas - bor diqqat-e’tibor elitadan tushib ketmaslikka qaratilgan. Lekin Mirror xabarlariga ishonadigan bo‘lsak, ayrim futbolchilar tovuq go‘shtidan tayyorlanadigan burgerlarni iste’mol qilishni davom ettirishgan, bu esa mutaxassisga yoqmagan. Murabbiy futbolchilarga pastadan foydalanishni tavsiya etgan, lekin burgerlar taqiqini bekor qilmagan. Aynan shu tufayli jamoada noroziliklar yuzaga keldi. O‘tgan mavsumda Ranyeri o‘zini tansiq taom bilan nomlagandi. Gap shundaki, lesterlik ishbilarmonlardan biri jamoa parvozidan ilhomlangan holda kolbasaning yangi turini yaratgan, ukrop, sarimsoqpiyoz va Chili qalampiri qo‘shib tayyorlangan mazali mahsulotni «Ranyeri» va «CHLning shabadasi», deb nomlagandi. Bundan xabar topgan mutaxassis miriqib kulgan va o‘zini «kolbasa-odam» deb atagandi.

«Chelsi»: Konte - hammaga o‘rnak

Italiyalik murabbiy jamoaning Kobxemdagi bazasi bilan tanishish chog‘ida oshxonadagi shart-sharoitlarga alohida e’tibor qaratdi. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchilarga turli ketchuplar, achchiq-chuchuk va hatto gazli suvlarni iste’mol qilishga ruxsat etilgan ekan. Tabiiyki, Konte sportchilar uchun zararli bo‘lgan bu mahsulotlarni «brak»ka chiqardi. Shuningdek, Joze Mourinyo tomonidan joriy etilgan an’ana -  o‘yindan keyingi pissaxo‘rlik ham taqiqlandi.

Antonio o‘z shogirdlarining ovqatlanish tartibiga doimo jiddiy munosabatda bo‘lgan - bu masalada italiyalik mutaxassis «Bari»dagi davridan buyon o‘z vatandoshi Tiberio Ankonaga ishonch bildirib kelmoqda. Masalan, Italiya terma jamoasida futbolchilar xamirli taom, chips, muzqaymoq va pissadan chetlatilgan edilar. «Chelsi»da ham xuddi shu parhezga qat’iy amal qilinadi. «Taomlarga jiddiy e’tibor beraman. Futbolchilik davrimning so‘nggi yillarida eng maqbul taomnomani belgilab, o‘zimni yaxshi his eta boshladim. Shu tariqa to‘g‘ri ovqatlanish futbolchi uchun qanchalik muhim ekaniga ishonch hosil qildim. Organizmda yog‘, uglevod hamda oqsilning mutanosibligini ta’minlashning ahamiyati katta. Hozir ham xuddi maydonga tushadigan futbolchilardek yuksak sport formasida bo‘lishga intilaman. Bu juda muhim, mazkur choralar samarasi o‘laroq, kurashga doimo shay bo‘lgan sportchilarda kutilmagan jarohatlarga yo‘liqish ehtimoli juda past bo‘ladi. Bunga o‘z tajribam orqali to‘liq ishonch hosil qilganman».

Konte haq - jarohat tufayli safdan chiqqan futbolchilarning ozligi bo‘yicha «Chelsi» joriy mavsumda eng yuqori ko‘rsatkichga ega. Jamoa shifokorlari esa mavsumni choyxo‘rlik bilan o‘tkazishmoqda.

«Manchester Siti»: hech qanday romantik bazmlar

Xosep Gvardiola ham Konte kabi Manchesterdagi faoliyatini klub oshxonasini ag‘dar-to‘ntar qilishdan boshladi. Bu ham mayli-ya, Samir Nasrining guvohlik berishicha, murabbiy o‘z shogirdlarining uydagi turmush tarzini ham qat’iy nazorat ostiga olgan. Ana shu talabchanlik evaziga u Messi va Levandovskini yorqin yulduz darajasiga olib chiqqan. Futbolchilarning shikastlanish foizini sezilarli darajada kamaytirishga erishgan.

«Shaharliklar» ham Pepning talabiga muvofiq, bellashuvlardan keyin rafiqalari yoki dugonalari bilan bazmi-jamshid qilishdan voz kechishdi. Boisi, hali ehtiroslar bosilmay turib, murabbiy o‘z shogirdlari bilan o‘yinni muhokama qilishga odatlangan. Yechinish xonasida pissaxo‘rlikka ruxsat yo‘q. Vaholanki, Manuel Pellegrini davrida bunday taqiqlar bo‘lmagan. Aksincha, o‘yinchilar kuch-quvvatlarini tiklab olishlari uchun pissa taklif qilgandi. Ispaniyalik mutaxassis esa nafaqat mazali taom, balki mevalar va sitrusdan tayyorlangan sharbatlarga ham «krest» qo‘ydi. Uning fikricha, sharbatlarda qand miqdori ko‘p bo‘lib, semirib ketishlariga sabab bo‘larkan. Ortiqcha vazn uchun esa, Pep hech kimni ayamasdan jarimaga tortardi. To‘g‘ri, mevalarni iste’mol qilishga qarshilik yo‘q. Gvardiola uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan jihatlardan yana biri - sifatli nonushta. Shogirdlari ertalab qanday ovqatlanishlarini murabbiy nazorat qilolmaydi. Shu sababli doimo futbolchilarga mashg‘ulotlarga xotirjam nonushta qilgandan so‘ng yo‘l olishlarini tavsiya etadi. Shoshilinch ravishda qandaydir qahvaxonada yoki mashinada yo‘l-yo‘lakay tamaddi qilishlarini qoralaydi.

«Liverpul»: «Ona» hammani mehmon qiladi

Angliyaliklar hazillashib, «Liverpul»ning joriy mavsumdagi beqarorligini jamoada ayol mutaxassisning paydo bo‘lishi bilan bog‘lashmoqda. Yo‘q, o‘tgan yili Joze Mourinyoga yetarli tashvishlar tug‘dirgan Eva Korneyro emas, balki diyetolog Mona Nemmer bilan. 32 yoshli germaniyalik mutaxassis tumanli o‘lkaga yozda Myunxendan tashrif buyurgandi. Bungacha «Bavariya» a’zolarining to‘g‘ri ovqatlanishlariga mas’ul bo‘lgan mutaxassis endi «qizillar»ni kerakli taomlar bilan ta’minlashda bosh-qosh bo‘lmoqda. Yurgen Klopp Nemmerni «futbolchilar onasi», deb e’tirof etadi. Murabbiyning gapida jon bor - Mona har bir futbolchi uchun alohida taomnoma belgilaydi. «Buning sababi shundaki, o‘yin chog‘ida futbolchilar turlicha kuch-quvvat sarflashadi. Masalan, darvozabon hech qachon yarim himoyachidek yugurmaydi. Bundan tashqari, o‘yinchilarning millatini ham inobatga olish lozim. Misol uchun, braziliyalik futbolchilarning nonushtada iste’mol qiladigan taomlari angliyaliklarniki bilan bir xil emas. Shuningdek, futbolchilarning katta-kichikligi, gavda tuzilishi ham muhim ahamiyatga ega», - deydi diyetolog.

Klopp avval ham shogirdlarining alohida-alohida ovqatlanishlariga xayrixoh bo‘lib kelgan. Lekin hozirgidek sinchkovlik bilan emas: o‘tgan mavsum «Liverpul» a’zolarini maydondagi pozisiyalariga qarab ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilgandi. Katta jismoniy kuch talab etiladigan hujumchilarga tarkibida oqsil moddasi ko‘p, yarim himoyachilarga esa uglevodga boy bo‘lgan taomlar belgilangan. Albatta, barcha uchun bir xil bo‘lgan umumiy qoidalar ham yo‘q emas. Asosiysi - taomnomadan faqat tabiiy mahsulotlar joy olishi shart. «Biz sut kukuni o‘rniga gurunch yoki bodomdan tayyorlangan kukunni ishlatamiz, shakar o‘rniga shinnidan foydalanamiz. Chunki bu foydaliroq. Umuman, tabiiy mahsulotlarda hikmat ko‘p», - deydi Nemmer. Klopp esa o‘z xodimasiga yuksak baho berib, uni dunyodagi eng malakali diyetolog sifatida hurmat qiladi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:46, 19.03.2017.
O'qildi: 6373 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.