Boks bo‘yicha super og‘ir vazn toifasida ikki karra Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov professional boksdagi navbatdagi jangini Buyuk Britaniyada o‘tkazadi. O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi o‘zining 18-jangini 9 may kuni Manchester shahridagi Co-op Live Arena’da o‘tkazadi.
Queensberry promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan boks oqshomida Jalolovga xorvatiyalik Agron Smakichi raqiblik qiladi. Ushbu bokschilar 2024 yildayoq to‘qnashishi kerak edi, biroq o‘shanda Jalolovning o‘rnini egallagan Jahongir Zokirov Smakichini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, “Big Uzbek” shu kungacha o‘tkazilgan 17 ta jangining barchasida g‘alaba qozongan (15 nokaut). U so‘nggi bor 2025 yil noyabrida Solomon Adebayoni muddatidan oldin mag‘lub etgan edi. Uning raqibi Agron Smakichi hisobida esa 21 g‘alaba va 3 mag‘lubiyat mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Manchesterdagi turnirning markaziy jangida superog‘ir vazn yulduzlari Daniel Dyubua va Fabio Uordli o‘zaro to‘qnash keladi. Jalolov ishtirokidagi bellashuv muhimligi bo‘yicha asosiy kardning 4-jangchi bo‘ladi.














