Hujumchi Rafinya ajoyib sport formasida va «Barselona» u bilan shartnomani imkon qadar tezroq uzaytirishga umid qilmoqda. Braziliyalik futbolchi mehnat shartnomasini uzaytirishga prinsipial jihatdan rozilik berdi, ammo El Nacional nashri yozishicha, bitta muammo mavjud.
Gap shundaki, Saudiya Arabistoni klublari radarlardan yo‘qolgani yo‘q va ular Rafinyaga «Barselona»ning qurbi yetmaydigan darajada katta maosh to‘lashga tayyor. Bu holat braziliyalik futbolchining «Kamp Nou»dagi shartnomasini uzaytirish jarayonini kechiktirmoqda, chunki Rafinyaning atrofidagi kishilar imkon qadar manfaatliroq shartlarga erishishga harakat qilishmoqda va hech qayerga shoshilishmayapti.
«Barselona» sport direktori Deku Rafinyaning hozirgi sport formasi unga muzokaralarni kuchli pozisiyada olib borish imkonini berishini tushunib turibdi. Shu bilan birga, Xans-Diter Flik Saudiya Arabistoni klublari futbolchining xayolini chalg‘itmasligi uchun shartnoma masalasini imkon qadar tezroq hal qilishni so‘ragan.
29 yoshli Rafinyaning «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2027/2028 yilgi mavsum oxirigacha mo‘ljallangan.













