Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Sardor Azmun - Berdiyevning tutingan o‘g‘li

Sardor Azmun - Berdiyevning tutingan o‘g‘li

Baho:
+ | -

JCH-2018 saralashi 3-bosqichida O‘zbekiston termasi bilan bir guruhdan joy egallagan Eron jamoasi haqida ko‘p gaplashganmiz. Forslarning qanday kuchga ega ekanliklari-yu, tarkibdagi futbolchilari to‘g‘risida tegishlicha tasavvurga egamiz. Shunga qaramay, joriy yil iyunida o‘z maydonida ham-yurtlarimizga qarshi to‘p suradigan ushbu termaga taalluqli har qanday ma’lumot bizni qiziqtiraveradi. Shuni inobatga olgan holda eronliklarning bugungi kundagi eng yorqin yulduzlaridan biri, o‘zining ajoyib o‘yinlari va chiroyli gollari tufayli jahon ommasi e’tiborini o‘ziga tortayotgan Sardor Azmun bilan yaqinroq tanishish maqsadida Rossiyaning «Rostov» klubi hujumchisining yashil maydon va uning tashqarisidagi hayot tarziga nazar tashlaymiz.

Voleybolchi bo‘lishi mumkin edi

Sardor Azmunni futbol maktabidan haydashganida (sababi hamon aniqlanmagan), keyinchalik nima qilish borasida ko‘p ikkilanmadi. Shunchaki, otasiga qadrli bo‘lgan maskan - voleybol seksiyasiga bordi. O‘sha kezlari uning yoshi 13da edi. Oradan bir yil o‘tib, Sardor Eron o‘smirlar termasi safiga kirdi. Ha, Azmunlar oilasining barcha a’zolari voleybolga bevosita aloqador. Otasi Eronda yuqori saviyali o‘yinchi hisoblangan: terma jamoada 8 yil, Osiyoning eng yaxshi voleybolchisiga atalgan sovrin. Onasi esa uzoq vaqt murabbiy sifatida faoliyat yuritgan, opasi terma jamoada o‘ynagan, turmushga chiqishi tufayli sportdan ketgan.

Sardorning qarori butun oilani xursand qilgandi, ammo bu quvonch uzoqqa cho‘zilmadi - voleybol yig‘inlari arafasida yigitchani futbolga qaytarishdi. Gombede-Kavus shahrida yangi jamoa ochilgach, akademiya bosh murabbiyi shu paytgacha o‘zi kuzatib yurgan barcha iqtidorli yoshlarni tarkibga jalb etdi. Azmunni bu chorlov qiziqtirib qo‘ygan, ammo vaziyatni ota-onasiga qanday tushuntirishni bilmasdi: balki, voleybolni jonidan ortiq ko‘ruvchi yaqinlari kutilmagan o‘zgarishga qarshi chiqishar?! Voleybol termasi saviyasiga mos tushgani holda futbolda noma’lum darajada to‘p surish - kelajakni shubha ostiga qo‘ysada, oilasi Sardorning tanlovini qo‘llab-quvvatladi. «Otam meni voleybol bilan shug‘ullanishga aslo majburlamagan, - degandi Azmun. - U hayotda o‘z yo‘limni tanlash, jamiyatda o‘zimni qanday tutishim kerakligini o‘rgatgan. Misol uchun, hech qachon chilim chekmaganman va atrofdagilarning barcha futbolchilarni ushbu illatga daxldor sifatida ko‘rsatishlarini tushunmayman. Sog‘lig‘ini bu taxlit xavf ostiga qo‘yishga qarshi bo‘lgan yigitlarning ko‘pini taniyman». Hozirda Azmun yiliga ikki-uch marta voleybol o‘ynab turadi, shunda ham rohatlanish maqsadida. Imkon tug‘ilsa, qadrdon shahri jamoasi safida shug‘ullanadi. Ota-onasi Azmunning ortidan Rossiyaga ko‘chib kelishgan - eronlik futbolchi ularning boshqa ishlamasliklarini xohladi. «Otam shahrimizdagi «Gondbad» jamoasi murabbiyi edi. Ammo bir safar unga nisbatan hurmatsizlik qilishgach,  faoliyatini yakunlashini so‘radim. Endilikda topgan pulimni ota-onamga topshiryapman».

Berdiyev - futbol maydonidagi ota

Azmun ham xuddi Berdiyev singari etnik turkmanlar vakili. Hujumchi tug‘ilib-o‘sgan Guliston provinsiyasini Turkmaniston chegarasidan mashinada to‘rt soatlik yo‘l ajratib turadi. «U yerda hamma ikki xil til - forsiy va turkmanchada gaplashishadi. Shu bois Qurbon Bekiyevich bilan turkman tilida suhbatlashamiz, - degandi Azmun «Rubin»ga ko‘chib o‘tganida. - Maydondaligimda turkmanchada ko‘rsatma beradi. Raqiblar esa buni tushunishmaydi». Berdiyev Azmun uchun nafaqat sevimli murabbiy, balki ruhiy ko‘makchi, haqiqiy ustozga aylangan. Buni hattoki, Xalil Azmun ham tan oladi: «Oilada men otaman. Futbol maydonida esa uning otasi - Qurbon Berdiyev». Ushbu mutaxassis «Rubin»da ham, «Rostov»da ham Sardor bilan individual tarzda shug‘ullanardi. Suhbatlar ko‘p yordam berardi: «U hammasini ochiq-oydin gapirardi: «Bugun mashg‘ulotlarda yomon qatnashding, bo‘shashma. «Bavariya»ga gol urganing osmonga uchganing va yerga boshqa qaytib tushmasligingni bildirmaydi», - mahoratli hujumchi bu gaplari bilan ham ustozini qanchalik hurmat qilishini isbotlagandek bo‘ldi.

- Azmun - yaqin shogirdlarimdan biri va bu uning turkman ekanligidan emas, - deydi Berdiyevning o‘zi. - Sardorga boshqalarga nisbatan qattiqqo‘lroq munosabatda bo‘laman. Shunga haqqim bor. Otasi har qanday chorani qo‘llashimga izn bergan. Azmunning Eronda millionlab muxlislari bor. Tabiiyki, turli xayollarga berilishi mumkin. Ushbu holatga e’tibor qaratmasligi uchun muntazam ravishda jiddiy suhbatlashishga to‘g‘ri keladi.

Yilqichilikka qiziqadi

Aksariyat turkmanlar singari Azmun ham tulporlarni sevadi. Guliston provinsiyasida an’anaviy yilqichilik va ot choptirish odat tusini olgan. Sardor «Rubin»­ga o‘tganida chopqir tulporini sog‘inganini aytgandi. Hozirda Azmunning to‘qqizta oti bor - ular musobaqalarda qatnashib, odatda, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishadi. «Rostov» «Bavariya»ni mag‘lub etganida (3:2), Sardorga ikkita tulpor sovg‘a qilish istagida bo‘lganlar ham topildi. Azmun o‘shanda «Rostov»ning birinchi goli muallifiga aylangandi. «Eronda umumiy otxonalarimiz bor va yurtimga qaytganimda ko‘p vaqtimni o‘sha yerda o‘tkazaman. Tonggi soat 6da kelib, oqshomgacha, ba’zan tonggacha qolib ketaman, - degandi Azmun o‘z intervyusida. - Tulporlarimdan birining laqabi - Riomon. Zotdor otlarga ajdodining nomiga qarab ism beriladi. Jonivorimning otasi Riodanser deb atalgan, onasining laqabini esa bilmayman».

 Eronda juda mashhur

Azmun - Rossiya premyer-ligasining «Instagram»dagi eng mashhur futbolchisi. Uning sahifasiga bir yarim million kishi a’zo bo‘lgan. «Eronda futbol va futbolchilarni juda yaxshi ko‘rishadi, Rossiyada bunaqasini hali ko‘rmadim, - degandi Azmun «R-Sport»ga bergan intervyusida. - Stadionga 100 mingga yaqin muxlis keladi, shovqin-suron tufayli sheriklarimning ovozi eshitilmaydi». Sardor «Rubin» safida ilk golini urganida Gombede-Kavus aholisi bu voqeani bayramdek nishonlashdi. Azmun o‘z yurtiga sodiqlik ramzi sifatida imkon qadar 69-raqamni tanlashga intiladi - uning shahridagi barcha avtomobillarda xuddi shu raqam bor.

Top-klubga o‘tish ehtimoli

Azmunni yaxshisi, «Eron Messisi» deb atamagan ma’qul. Bunday murojaat unga yoqmaydi: «Men Lionel kabi o‘ynamayman, raqiblarni dribling yordamida aldab o‘tmayman. Bizni o‘xshatishlarini hech tushunmayman». O‘z navbatida, Eronda Sardorning top-klubga o‘tishi haqidagi yangiliklar tez-tez chop etiladi. Jumladan, Varzeshi gazetasi Azmunning «Arsenal» futbolkasidagi suratini chop etdi. Ko‘p o‘tmay matbuotda shunday gap-so‘zlar paydo bo‘ldi: «Menda «Arsenal», «Yuventus» va «Milan»­dan taklif bor. Hattoki, «Barselona» ham qiziqmoqda». Keyinroq Sardor gap nimadaligini tushunmayotganini bildirdi: «Bu juda qiziq. Hamisha «Barselona», «Yuventus» yoki «Arsenal»dan taklif tushmayotgani haqida gapirganman. Albatta, Yevropa klubiga o‘tish - ajoyib. Ammo aytaylik, «Liverpul» safiga qo‘shilib, boshlang‘ich tarkibga kirolmasam, bu narsa butun faoliyatimga salbiy ta’sir o‘tkazardi. Shunday ekan, «Rostov»da to‘p surayotganimdan mamnunman, hayotdan zavq olib yashayapman». Lekin baribir, ushbu holat uzoqqa cho‘zilmaydigandek tuyulmoqda. Azmunning Rossiyada uzoq ushlanib qolmasligi tobora oydinlashmoqda.

MA’LUMOT UCHUN

Tug‘ilgan sanasi: 1995 yil 1 yanvar (22 yosh)

Tug‘ilgan joyi: Gombede-Kavus, Eron

Bo‘yi: 186 sm.

Vazni: 79 kg.

Ampluasi: hujumchi

Klubi: «Rostov» (Rossiya)

Raqami: 20

2012-2016 yillarda «Rubin» (Qozon) safida 27ta o‘yinda maydonga tushib, 5ta gol urgan. 2015 yildan hozirga qadar «Rostov»ning 51ta uchrashuvida to‘p surib, raqiblar darvozasini 17 marta ishg‘ol qildi. 2013 yildan buyon Eron milliy termasi safida 22ta o‘yin o‘tkazib, 16ta to‘p kiritgan.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:36, 24.03.2017.
O'qildi: 6403 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.