Allaqachon mashhurlikka erishgan italiyalik yosh, iqtidorli golkiper Janluiji Donnarumma yaqindagina balog‘at yoshiga yetdi. Ya’ni «Milan» darvozasini ishonch bilan himoya qilayotgan yigit 18 bahorni qarshi oldi. Soccer.ru portali shu bahona uning jahon futbolidagi eng iste’dodli tengdoshlariga zimdan nazar tashlab, o‘ziga xos ramziy terma jamoa shakllantirdi.
Darvozabon. Janluiji DONNARUMMA (Italiya) - «Milan»
Taxminiy bahosi: 20 million yevro
Yevropadagi kuchli 5ta milliy chempionatda bugungi qahramonimizdan tashqari, yana bir nafargina 18 yoshli posbon muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda - Alban Lyafon («Tuluza»). Albatta, Albanning kelajagiga ham katta umid bilan qaralmoqda, ammo ayni payt Donnarummaning saviyasi ancha baland, baribir. Negaki, Jijo «Milan»dek mashhur klub sharafini munosib himoya qilyapti, qolaversa, u mashhur adashi - Buffon bilan yaqin do‘st hisoblanadi.
O‘ng qanot himoyachisi. Feliks PASSLAK (Germaniya) - «Borussiya» D.
Taxminiy bahosi: 3 million yevro
Rur havzasida tug‘ilib-ulg‘aygan bolakay 14 yoshida taqdirini Dortmund «Borussiya»si bilan bog‘ladi. U o‘tgan yili jamoaning asosiy tarkibi mashg‘ulotlariga qo‘shildi. Passlak muntazam ravishda Germaniyaning turli yosh toifasidagi terma jamoalariga chaqirilgani va shu asnoda yetarli darajada xalqaro tajriba to‘plagani uchunmi, klub o‘yiniga tezda kirishib ketdi. Alohida ta’kidlash kerak, Feliks 2015 yili Fris Valter nomidagi medalga munosib ko‘rilgandi. Ya’ni Germaniya futbol ittifoqi tomonidan har yili mamlakatning eng iqtidorli yosh futbolchisiga beriladigan sovrin laureatiga aylangandi.
Markaziy himoyachi. Dayotchankul (Dayo) UPAMEKANO (Fransiya) - «RB Leypsig»
Taxminiy bahosi: 5 million yevro
Germaniyaning transfermarkt.de sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Dayoning transfer narxi ayni payt taxminan 5 million yevroga teng. Lekin fakt shuki, yanvar oyida «Red Bull» nomli klublardan biri yosh himoyachi uchun ikkinchisiga 10 million to‘ladi: Upamekano Zalsburgdan Leypsigga ko‘chib o‘tdi. Albatta, yigitchaning yangi jamoada o‘z o‘rnini topishiga ma’lum vaqt ketishi tayin. «RB Leypsig»ning Upamekano uchun 10 «limon» bergani bejiz emas - u markaziy himoyachilarga xos fazilatlar va ustunliklari bilan tengdoshlari orasida yaqqol ajralib turadi.
Markaziy himoyachi. Malang SARR (Fransiya) - «Nissa»
Taxminiy bahosi: 3,5 million yevro
Dayoning tengdoshlari orasida ajralib turishi ayni haqiqat, ammo unga munosib raqobat taqdim etishga qodir yigit ham yo‘q emas. Gap Upamekanoning vatandoshi, ayni payt «Nissa» tarkibida Fransiya chempionligi uchun kurashayotgan Malang Sarr haqida ketyapti. E’tiborlisi, klub ustozi Lyusyen Favr yosh yigitchani qo‘rqmay muhim o‘yinlarda o‘ta mas’uliyatli pozisiyada maydonga tushir-yapti. Malang esa tabiiyki, uning ishonchini oqlashga astoydil intilmoqda.
Chap qanot himoyachisi. Luis OLIVERA (Argentina) - «River Pleyt»
Taxminiy bahosi: 1,5 million yevro
Shubhasiz, okean ortida, xususan, Janubiy Amerikada iqtidorli yosh futbolchilar safi ancha keng. Deylik, argentinalik tezkor himoyachi Luis Oliveraning o‘yinlari shu darajada chiroyli chiqmoqdaki, uni tez orada Yevropaning biror-bir top-klubida ko‘rsak, ajabmas.
Markaziy yarim himoyachi. Tomas DEVIS (Angliya) - «Everton»
Taxminiy bahosi: 1,5 million yevro
«Irislar» tarbiyalanuvchisi APLdagi debyutini o‘tgan yilning may oyida nishonlagandi. Zero, Angliya chempionatining so‘nggi turlarida har doim yoshlarga alohida imkoniyat beriladi. Mana, Tom qisqa vaqtda asosiy tarkibga muqim o‘rnashib, sekin-asta umumiy muhitga moslashib bormoqda. Aytgancha, Devis Angliyaning turli yosh toifasidagi terma jamoalarida sardorlik darajasigacha ko‘tarilgan va «Everton» rahbarlari undan «Yangi Jerrard» yetishib chiqishiga umid bog‘lashyapti. Bitta farq shundaki, Tom ayni payt Mersisaydning «qizil» emas, «ko‘k» tarafida.
O‘ng qanot yarim himoyachisi. Kristian PULISHICH (AQSH) - «Borussiya» D.
Taxminiy bahosi: 12 million yevro
Ochig‘ini aytganda, AQSHdan jahon darajasidagi futbolchi unchalik ko‘p yetishib chiqavermaydi. Chunonchi, amerikaliklarda millionlar o‘yiniga muhabbat juda kuchli emas. Shu boismi, Pulishichning joriy mavsum ko‘rsatayotgan «karomatlari»ga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muhimi, Kristian o‘ziga qulay tuyulgan klubni tanladi. Zero, «Borussiya» va uning ustozi Tomas Tuxel yoshlarga imkon berishi bilan tanilgan. Bundesligadagi gollar va CHLdagi samarali to‘p oshirishlar - Pulishichning iqtidoridan nishona. To‘g‘ri, u hozircha barqaror emas. Ya’ni qaysidir o‘yinda ajoyib harakatlansa, keyingisida butunlay «yo‘qolib» qolyapti. Ammo vaqt o‘tishi bilan beqarorlik o‘rnini barqarorlik egallasa, ajabmas. Xullas, Pulishich keyingi bir-ikki yildayoq mazkur muammodan qutulsa kerak.
Chap qanot yarim himoyachisi. Yosip BREKALO (Xorvatiya) - «Shtutgart»
Taxminiy bahosi: 3 million yevro
Brekalo o‘smirlar o‘rtasidagi Yevropa va jahon chempionatlarida yorqin nur sochgach, u haqda ilk iliq fikrlar yangragandi. Shundan so‘ng Germaniyaning «Volf-sburg» klubi «Dinamo» (Zagreb)ga 6 million yevro to‘lab, yigitchani o‘z safiga qo‘shib oldi. Biroq Yosip bir urinishda «bo‘rilar» asosiy tarkibiga kirolmadi va ijara kelishuvi asosida ikkinchi bundesliga ishtirokchisi «Shtutgart»ga yuborildi. Bundan fojia yasamaslik kerak, zero, ba’zida xuddi shunday ijara safarlari bo‘lajak yulduzlarga keng yo‘l ochib beradi.
Hujumkor yarim himoyachi. Esekyel BARKO (Argentina) - «Independyente»
Taxminiy bahosi: 2,5 million yevro
Argentinalik yarim himoyachi yana bir oydan keyingina 18 yoshga to‘ladi. Lekin istisno tariqasida u ham ramziy jamoaga kiritildi. Barko hali o‘spirin bo‘lishiga qaramay, «Independyente» tarkibiga o‘rnashib, sekin-asta cho‘qqi sari intilmoqda. Esekyel hali boladek tuyulsa-da, butun boshli jamoa tizginini qo‘llarida mahkam tutib turibdi. Tushunarliki, bu uncha-muncha tajribali futbolchi qo‘lidan ham kelmaydi.
Ikkinchi hujumchi. Kilian MBAPPE (Fransiya) - «Monako»
Taxminiy bahosi: 10 million yevro
Mbappe hozirgi vaqtda mahorat sirlarini kimsan Radamel Falkaodan o‘zlashtiryapti va yigitchaning sa’y-harakatlari chakki chiqmayapti. Deylik, u Liga 1da «xet-trik»ka erishdi, CHL «pley-off» raundida «Manchester Siti» darvozasini ishg‘ol qildi. Qizig‘i shundaki, manchesterliklar o‘tgan yoz Kilian uchun 40 million yevro taklif qilib ham, uni «shaharlik»ka aylantirolmagandilar. Bugun esa yigitchaga xaridorlar safi ancha kengaydi - «Yuventus», «PSJ», «Arsenal»... Kim biladi, «Siti»ning saxiy homiylari va sohiblari yozda summani 80 millionga ko‘tarishar, balki...
Markaziy hujumchi. Aleksander ISAK (SHvesiya) - «Borussiya» D.
Taxminiy bahosi: 6 million yevro
«Yangi Ibragimovich» sifatida ta’riflanayotgan yosh hujumchi Shvesiya chempionatida AIK uchun shunchalik ko‘p gol urdiki, natijada uning oldida qishda Madridning «Real» klubiga o‘tish varianti yuzaga keldi. Biroq Isak sog‘-lom fikr yuritib, yosh iqtidorning rivojlanishi uchun «Real»dan ko‘ra, «Borussiya» yaxshiroq ekanligini tushundi va Dormundga yo‘l oldi. Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Tomas Tuxel jamoasi Aleksander uchun 8,6 million yevro sarfladi va endi bu summa bir necha baravar ortishiga umid qilmoqda.
Ro‘yxatdan tashqari. Martin EDEGOR (Norvegiya) - «Real»
Agar qaysidir yosh is’tedod muddatidan oldin kelgan «engil» mashhurlik oqibati nima bilan tugashini bilishni istasa, Edegor tarixini yaxshilab o‘rganib chiqishi kerak! Axir bir necha yil oldin hattoki, dazmollar ham norvegiyalik vunderkind haqida ma’lumot beraverardi. Bu shov-shuvning yakunida Martin Madridga ko‘chib o‘tdi va yulduzlar davrasida shug‘ullandiyu, ammo saviya bobida ularga hali-veri yetolmasligini oshkor qilib qo‘ydi. Yigitcha shundan so‘ng bir muddat «Kastilya»da to‘p surdi va «Xerenven» (Gollandiya)ga yuborildi - ijara. Ehtimol, vaqti kelib, Martin hamma kutgan darajaga ham yetar? Ammo u yo‘qotilgan vaqtni endi qayta topolmasa kerak, har holda...