Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Irismetov: "Terma jamoa o‘yinida hech qanday taktika ko‘rganim yo‘q"

Irismetov: "Terma jamoa o‘yinida hech qanday taktika ko‘rganim yo‘q"

Baho:
+ | -

O‘zbekiston milliy jamoasining Malayziyada Suriya termasidan yengilgani nafaqat muxlislar, balki mutaxassislarimizni ham hayron qoldirgani - ayni haqiqat. Eng alamlisi, shu mag‘lubiyatdan so‘ng mundialga chiqish imkoniyatlarimiz ancha pasaydi. Terma jamoamiz o‘yinini tanqid qilmagan inson qolmadi, hisob.

Hattoki, futbolga qiziqmaydiganlar ham luqma tashlashdan tiyilmayaptilar. Ha, darhaqiqat og‘riqli va alamli mag‘lubiyat... Tan olish kerak, mag‘lubiyatga faqat o‘zimiz sababchimiz. Ob-havoni bahona o‘rnida ko‘rsatish noto‘g‘ri. Axir shu kuni maydonga tushgan biror futbolchi harakatini ajratib ko‘rsatish mumkinmi? Deylik, shunday o‘yin bilan g‘alaba qozongan taqdirimizda ham, futbolchilarga yetarlicha e’tirozlar bildirilardi. Mayli, endi nolishdan nima naf?

Oldinda bizni Qatar termasiga qarshi uchrashuv kutib turibdi. Bugungi raqibimiz ham Toshkentga tushkun holatda kelgani bor gap. Zero, qatarliklar o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida yutqazishdi, garchi yaxshi o‘ynagan bo‘lsalarda. Shunday ekan, ikki jamoa ham misli yaralangan sher kabi holatda.

Biz navbatdagi o‘yin arafasida yaqin o‘tmishning mashhur hujumchilaridan biri Ja’far Irismetovni suhbatga chorlab, terma jamoamizni biroz muhokama qilishga urindik.

- Ja’far aka, terma jamoamizning Malayziyadagi o‘yini yetarlicha muhokama qilinmoqda. Shaxsan siz uchrashuvdan oldin qanday natija kutgan edingiz?

- Ochig‘ini aytaman, jamoamizning Malayziyadan bir ochko olib qaytishiga ishongandim. To‘g‘ri, Suriya termasi jismoniy tomondan bizdan kuchli ekanligini bilardim. Bu holat o‘yinda ham yaqqol ko‘zga tashlandi. Lekin yigitlarimizdagi tajriba qo‘l kelishini o‘ylagandim. Raqib jamoamizni kuchli xohish evaziga mag‘lub etdi.

- Xo‘sh, nimaning evaziga 3 ochko olishimiz mumkin edi?

- Ha, g‘alabaga umid yo‘q emasdi. Istalgan raqibga qarshi o‘yinda faqat kuchli xohish va mehnat orqali 3 ochkoga ega chiqish mumkin. Futbolchilarimiz 10-15 daqiqadayoq charchab qolishdi. Nimaga bunday bo‘ldi, ochig‘i tushunmadim...

- Yuqori namgarchilikni sabab o‘rnida ko‘rsatishyapti. Vaqtida shunday iqlim sharoitida o‘ynagan kishi sifatida aytingchi, bu omil natijaga nechog‘li ta’sir qiladi?

- Tushunarliki, bunday sharoitda o‘ynash qiyin. Lekin suriyalik futbolchilar ham xuddi shunday holatda edilar. O‘yindan oldin murabbiy har bir futbolchidan maydonga tushishga tayyor yoki yo‘qligi xususida so‘raydi-ku! Nima demoqchiligimni tushungandirsiz. Maydonga tushding­mi, boringni berib o‘ynashing shart. 10 daqiqami yoki 90 daqiqa - buning farqi yo‘q. O‘zingga ishonmayapsanmi, kimningdir o‘rnini band qilma...

- Darvoqe, tarkib haqida. Uni bosh murabbiy tanlaydi va boshqa hech kim aralasholmaydi. Lekin faraz qilaylik, sizning variantingiz qanday ko‘rinish olardi?

- Ha, tarkib masalasi murabbiy hukmiga havola. Ko‘rganim shuki, birinchi bo‘limda qarshi hujum taktikasiga tayandik. Lekin tarkibda bu usulga mos futbolchi yo‘q edi. Shaxsiy fikrimcha, murabbiylarimiz tanlagan taktika uchun kamida 4 nafar tezkor futbolchi kerak.

- Hujum chizig‘ida o‘ynagan futbolchilar haqida nima deysiz?

- Temurxo‘ja Abduxoliqov harakat qildi. Lekin uni yetarli darajada to‘p bilan ta’minlashgani yo‘q. Igor Sergeev esa hozir yaxshi sport formasida emas. Aleksandr Geynrix to‘g‘risida hech narsa deyolmayman.

- Har doim yarim himoya chizig‘i jamoamizning ustun tarafi hisoblangan. Lekin suriyaliklar bilan o‘yin­da o‘rta chiziq salohiyatini ko‘rmadik. Bu fikrga qo‘shilasizmi?

- Shubhasiz.

- Bu futbolchilar yoshi bilan ham bog‘liqmi?

- Nisbatan. Ammo bosh murabbiy ularni maydonga tushirdimi, demak, nimalarga qodirliklarini yaxshi biladi. Harqalay, tarkib yigitlarning jismoniy va ruhiy tayyorligiga qarab tuziladi.

- Xo‘sh, sizningcha, mag‘lubiyatda kim yoki nima bosh aybdor?

- Bu yerda aybni faqat murabbiylar yoki futbolchilarga to‘nkash to‘g‘ri emas. Umuman, hammasi tayyorgarlik jarayonidan boshlanadi.

- Demak, tayyorgarlik yaxshi bo‘lmagan, shundaymi? Ya’ni futbolchilar o‘yinga shay emasdilar...

- Ha, bu shaxsiy fikrim. Talab darajasida tayyor bo‘lishganida, yutqazmasdilar. Agar barchasi tasodif ko‘rinishini olganida ham, tushunardik. Ammo o‘yinda hech narsa ko‘rsatmadik.

- Murabbiy balki taktika tanlashda adashgandir...

- Bosh murabbiy ishini tahlil qilish vakolatiga ega emasman. Faqat o‘z fikrimni aytaman - hech qanday taktika yo‘q edi.

- Islom To‘xtaxo‘jayev o‘zi uchun begona chap qanot himoyasida o‘ynadi. Uni avvalroq o‘ng qanotda ham sinab ko‘rishgandi. Bu ham xato emasmi?

- Odatda Islom qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yadi. Murabbiylar buni bilishadi. Meni o‘ylantirgani - nima uchun yana shu qarorga kelishdi? Nima, bizda sof chap qanot himoyachilari yo‘qmi? Bosh murabbiy yordamchilari - Viktor Jalilov va Ravshan Haydarov nomzod futbolchilarni kuzatib borishmayaptimi?

- Ja’far aka, Malayziyada qayd etilgan mag‘lubiyat Qatar termasiga qarshi o‘yinga ham salbiy ta’sir qilmasmikan...

- Menimcha, ta’siri seziladi. Lekin faqat ijobiy tomondan. Zero, futbolchilar nafaqat jamoa, balki o‘z obro‘larini tiklash uchun ham o‘ynashadi.

- Bo‘lajak o‘yinga taxminingiz...

- Faqat g‘alaba. Asos - yigitlarda o‘zlarini oqlash hissining borligi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 18:40, 27.03.2017.
O'qildi: 19728 marta.
Fikrlar: 30 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.